Bu haqda Rossiya prezidentining rasmiy saytida xabar e’lon qilindi.
Kreml ma’lumotiga ko‘ra, davlat rahbarlari Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaro hamda Qo‘shma Shtatlarning Eron yadro ob’ektlariga bergan zarbalari fonida Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan.
Putin suhbat davomida Makron bilan Ukraina atrofidagi vaziyatni ham muhokama qilib, bu mojaro G‘arb siyosatining bevosita natijasi ekanini eslatdi.
Kremlning xabar berishicha, Putin Makronga G‘arb ko‘p yillar davomida Ukrainada Rossiyaga qarshi plasdarm yaratganini, hozir esa jangovar harakatlarni cho‘zishga intilayotganini ta’kidladi.
Kreml suhbat mazmunli bo‘lgani haqida ham qo‘shimcha qildi. Putin Makronga Ukraina bo‘yicha tinchlikka erishish kompleks yondashuv asosida bo‘lishi, bu jarayon mojaroning ildiz sabablari bartaraf etilishi va frontdagi real holatlarga tayanishi kerakligini aytdi.
"Shuningdek, davlat rahbarlari Eronning tinch atom loyihalaridan foydalanish huquqini hurmat qilish va uning Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlariga, jumladan, MAGATE bilan hamkorlikka amal qilish muhimligini ta’kidladilar", deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabarida.