Bugun 18 sentyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Putin umrni uzaytirish tadqiqotlariga sarflanadigan mablag‘larni 8 barobar oshirgan

Putin umrni uzaytirish tadqiqotlariga sarflanadigan mablag‘larni 8 barobar oshirgan

So‘nggi besh yilda Rossiyada qarish va uzoq umr ko‘rish mavzusidagi loyihalar soni keskin oshdi, grantlar ko‘lami kengaydi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tashabbusi bilan so‘nggi besh yilda hayotni uzaytirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar uchun ajratilayotgan mablag‘ 8 barobarga oshirildi. Bu haqda «Novaya Yevropa» fondi Rossiya ilmiy fondi (RNF) saytidagi ma’lumotlarga tayangan holda xabar bermoqda.

Xususan, agar 2016–2020 yillarda bunday tadqiqotlarga 21 mln rubl ajratilgan bo‘lsa, 2021–2025 yillar davomida bu ko‘rsatkich 172 mln rublga yetgan. RNF vasiylik kengashiga Putinning yaqin do‘sti Andrey Fursenko rahbarlik qiladi.

Joriy besh yillikda qarishga oid 43 fundamental tibbiyot loyihasi qo‘llab-quvvatlangan bo‘lsa, oldingi besh yillikda ular soni 7 tani tashkil etgan. Bu loyihalar qatorida miya va ko‘z o‘zgarishlarining Alsgeymer kasalligi bilan bog‘liqligi, immunitet mexanizmining qarishdagi roli va kelajakdagi holatni bashorat qilish uchun biomarkerlar ustidagi ishlar ham bor.

Ayniqsa, RNFning yirik granti Rossiya prezidentining katta qizi Mariya Voronsova rahbarlik qilayotgan laboratoriyaga berildi. U inson organ va to‘qimalarining faolligini uzoq saqlash va sog‘lom qarishga oid ilmiy ish olib bormoqda. Bu loyiha uchun 30 mln rublgacha mablag‘ ajratilishi mumkin. Biroq nashrlarning ma’lum qilishicha, uning Hirsh indeksi boshqa g‘oliblarga nisbatan pastroq.

Putinning hayotni uzaytirish mavzusiga qiziqishi avval ham namoyon bo‘lgan. Masalan, u Pekinga so‘nggi tashrifi chog‘ida Si Jinping bilan uzoq umr, a’zolarni muntazam almashtirish imkoniyatlari haqida suhbatlashgan. Shuningdek, Krasnodardagi «Sirius» laboratoriyasida unga «yoshartiruvchi qulupnay» namoyish etilgan.

2024 yil sentyabrida The Times nashri yuqori martabali amaldorning hayotni uzaytirish bo‘yicha tadqiqotlarni tezlashtirish haqida topshiriq berganini ma’lum qilgan. Keyinroq Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi barcha institutlardan qarishga qarshi texnologiyalar yuzasidan hisobot so‘ragan.

Dasturning asosiy kuratorlaridan biri sifatida Kurchatov instituti prezidenti Mixail Kovalchuk tilga olingan. U Putinning yaqin do‘sti bo‘lib, Rossiyadagi genom va genetika bo‘yicha davlat dasturlarini boshqaradi. Uning va Voronsovaning mazkur loyihalardagi ishtiroki alohida qayd etilgan.

Kiritildi: 12:13 13.09.2025. O'qildi: 826 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!