Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning sa’y-harakatlarini Rossiya-Ukraina urushini yakunlash uchun eng yaxshi imkoniyat deb baholamoqda. Bu haqda Bloomberg Moskvadagi manbalarga asoslanib xabar bermoqda.
Nashr suhbatdoshlarining ma’lum qilishicha, Rossiya Tramp maqbul tinchlik bitimiga erishishga yordam bera olishiga umid qilmoqda, biroq muzokaralar barbod bo‘lgan taqdirda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirishga shay turmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Kreml Trampning Rossiya neftiga qo‘shimcha bojlar kiritish haqidagi tahdidlariga jiddiy e’tibor qaratmayapti. Ilgari Amerika rahbari Rossiya Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, shunday choralar ko‘rilishini aytgan edi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bloomberg nashriga bergan izohida, Rossiya "muammoni hal qilish yo‘llarini izlashda hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni ma’qul ko‘rishini," ammo buning uchun vaqt zarurligini qayd etdi. "Hamma qarama-qarshilikdan qochib, muloqot olib borishni istaydi - nafaqat gapirish, balki eshitilishni ham. Biz AQShning hozirgi ma’muriyati bilan munosabatlarda aynan shuni ko‘ryapmiz," - dedi u.
Vashington 20 aprelgacha tinchlik kelishuviga erishishni rejalashtirgan edi, biroq Bloomberg yozishicha, endi bu maqsadga erishish qiyinlashganga o‘xshaydi. Bundan tashqari, agentlik qayd etishicha, so‘nggi paytlarda Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv haqidagi gaplar ancha kamayib qolgan.