Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Qurolli kuchlarining shtatdagi umumiy sonini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatga muvofiq, Rossiya Qurolli kuchlarining umumiy shtat soni 2 million 399 ming nafarga yetkaziladi. Shundan 1 million 500 ming nafari harbiy xizmatchilar hisoblanadi.
Yangi qaror Rossiya armiyasi tarkibini yanada kengaytirish va harbiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.
So‘nggi yillarda Moskva armiya sonini bir necha bor oshirdi. Bu jarayon Ukrainadagi urush fonida va Rossiyaning mudofaa sohasidagi ustuvor vazifalari bilan izohlanmoqda.
Farmonda belgilangan yangi shtat soni Rossiya Qurolli kuchlari tarixidagi eng yirik ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.