Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining sho‘ba boshlig‘i xizmat mavqeini suiiste’mol qilgan holda o‘zganing pul mablag‘ini o‘zlashtirmoqchi bo‘ldi.
Xususan, Andijon shahrida joylashgan savdo do‘konida ichimlik suvidan noqonuniy foydalanilib, davlatga qariyb 680 mln so‘mlik zarar yetkazilganligi yuzasidan “Andijon suv ta’minoti” AJ tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Sho‘’ba boshlig‘i esa mansabdor tanishlari orqali zarar miqdorini qayta hisoblatib, kamaytirish va ma’muriy chora ko‘rilishida yordam berish evaziga 30 mln so‘m talab qilgan.
DXX, IJQKD va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs do‘kon egasidan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Asaka tuman filiali Mahallabay ishlash bo‘limi bosh menejeri tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 3 mlrd 650 mln so‘m miqdorida kredit olishida yordam berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan. Shu tariqa u joriy yilning aprel-may oylarida fuqarodan jami 7800 AQSh dollari olgan.
Lekin, bosh menejer va’dasini bajara olmasdan, ushbu pul mablag‘i hisobidan 1000 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida DXX va IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.