Rossiya tomoni tashabbusi bilan Vladimir Putin Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtou shahri yaqinida Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti halokatga uchrashi bilan bog‘liq masala atroflicha muhokama qilingan.
— Vladimir Putin Rossiya havo hududida fojiali voqea sodir bo‘lgani uchun uzr so‘radi, — deyilgan axborotda. — Qurbonlarning oila a’zolariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Suhbat chog‘ida qat’iy jadval bo‘yicha parvoz qilgan Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti Grozniy aeroportiga bir necha bor qo‘nishga uringani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, bu vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz Ukraina jangovar uchuvchisiz uchish qurilmalari tomonidan hujumga uchragan va Rossiya havo mudofaasi tizimi hujumlarni qaytarayotgan bo‘lgan.
RF Tergov qo‘mitasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Birlamchi tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqarolik va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinyapti.
Hozir Grozniyda bo‘lib turgan Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ikki xodimi Rossiya Federasiyasi Bosh prokuraturasi va Tergov qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda ishlayapti. Rossiya, Ozarbayjon va Qozog‘istonning tegishli xizmatlari Oqtou shahri yaqinidagi tabiiy ofat joyida yaqindan hamkorlik qilmoqda.