Rossiyada internet bloklanishi fonida reytingi pasayib borayotgan Putin deputatlar va senatorlardan taqiqlarga “o‘ralashib qolmaslik”ni so‘radi.
Putinning fikricha, qonunchilik jarayoni faqatgina hozirgi xavf-xatarlar va tahdidlarga moslashishga qaratilmasdan, balki tizimli va ijodiy bo‘lishi kerak.
"Ba’zida xavf-xatarlar va tahdidlar, shubhasiz, mislsiz darajada bo‘ladi va ularni munosib yengib o‘tish muhimdir. Ammo faqat taqiqlar, cheklovlar va qoidabuzarlar uchun qandaydir yangi jazo choralarini ishlab chiqishga o‘ralashib qolmaslik lozim. Albatta, bu kerakdek tuyuladi, aholining manfaatlarini himoya qilish zarur, lekin faqatgina bunga o‘ralashib qolish samarasizdir", — dedi Rossiya prezidenti.
Vladimir Putin ortiqcha cheklov hamda to‘siqlar rivojlanishni sekinlashtirishini ta’kidladi.
"Bularning barchasi vaqtinchalik, o‘tkinchi hodisalar. Rossiya esa barhayotdir. Bizning qonunchiligimiz moslashuvchan, dinamik, ilg‘or hamda kelajakka intilgan bo‘lishi kerak", — dedi u.