Putin Bush bilan suhbatlarda Rossiya o‘z yerlarini Ukraina, Qozog‘iston va Kavkazga berib yuborganini aytgan — “Ukrainskaya pravda”.
National Security Archive nodavlat tashkiloti Rossiya rahbari Vladimir Putin va Qo‘shma Shtatlarning o‘sha paytdagi prezidenti Jorj Bush o‘rtasidagi 2001, 2005 va 2008 yillarga oid uchta suhbat stenogrammasini e’lon qildi. “Ukrainskaya pravda” ushbu hujjatlarda Putinning Ukraina haqidagi ayrim fikrlariga e’tibor qaratdi.
"Aslida nima bo‘ldi? SSSRning sovetcha ezgu irodasi dunyoni o‘zgartirdi, ixtiyoriy ravishda. Rossiya ixtiyoriy ravishda minglab kvadrat kilometr hududlarini berdi. Asrlar davomida Rossiyaning bir qismi bo‘lgan Ukrainani berdi, Qozog‘istonni berdi, shuningdek, Kavkazni ham berdi. Buni tasavvur qilish qiyin, ammo bu partiya rahbarlari tomonidan qilingan", — degan Putin 2001 yil 16 iyunda Bushga.
2008 yil 6 aprel kungi suhbatda Putin Bushga Ukrainani “sun’iy davlat” deb ta’riflab, mamlakatning NATO'ga kirishi “AQSh bilan Rossiya o‘rtasida mojaro va uzoq davom etadigan qarama-qarshilik maydonini yaratishini” aytgan.
"Ukrainada 17 million rus yashaydi, bu aholining uchdan bir qismi. Ukraina juda murakkab mamlakat. Bu tabiiy ravishda shakllangan davlat emas. Bu sovet davrida yaratilgan sun’iy mamlakat. Ikkinchi jahon urushidan keyin Ukraina Polsha, Ruminiya va Vengriyadan hududlar oldi, bu g‘arbiy Ukrainaning katta qismi. 1920–1930 yillarda Ukraina Rossiyadan hududlar oldi, bu mamlakatning sharqiy qismi. 1956 yilda Ukrainaga Qrim yarimoroli berildi… U yerda qarashlari juda farqli bo‘lgan odamlar yashaydi. Agar g‘arbiy Ukrainaga borsangiz, faqat venger tilida gapiriladigan qishloqlarni topish mumkin. Ukraina aholisining aksariyati NATO'ni dushman tashkilot sifatida qabul qiladi", — deya Putinning so‘zlarini keltiradi nashr.