Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Putin, Aliyev va Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha kelishib olishdi

Putin, Aliyev va Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha kelishib olishdi

Moskvada 11 yanvar kuni Rossiya Prezidenti Vladimir putin taklifiga binoan Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar chog‘ida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarning keyingi bosqichi, Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat atroflicha muhokama qilindi.

Ma’lumki, Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi 30 yildan ortiq vaqt mobaynida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi ziddiyatlar markaziga aylanib qolmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ rasman Ozarboyjon tarkibidagi viloyat hisoblanadi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Tog‘li Qorabog‘ga asosan 1828 yilda Rossiya bilan Eron o‘rtasida imzolangan sulh bitimiga asosan 130 ming nafardan ortiq armanlar ko‘chirib keltirilgan. Biroq ular ham Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash hududlar qadim-qadimdan o‘z ajdodlariga tegishli bo‘lgani haqidagi da’voni ilgari surib kelishadi.

Xuddi ana shu masaladagi kelishmovchiliklar Janubiy Kavkazda beqaror vaziyatni keltirib chiqargan.
1920 yilda Ozarboyjon Demokratik Respublikasi Sovet Ittifoqiga tarkibiga qo‘shib olingach, 1923 yil 7 iyulda armanlarning son jixatdan ustunligini hisobga olgan holda Tog‘li Qorabog‘ga muxtor viloyat maqomi berilgan.

O‘tgan asrning 80 yillari oxirida arman millatiga mansub Qorabog‘ ayirmachilarining Ozarboyjondan ajralib chiqishga intilishi Armaniston SSR hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 1988 yil fevralda Tog‘li Qorabog‘ Muxtor viloyati kengashining Ozarboyjon tarkibidan ajralib, Armanistonga qo‘shilish haqidagi qarorining qabul qilinishi ikki xalq va davlat o‘rtasidagi qurolli harakatlarga yo‘l ochdi. 1988-1993 yillar mobaynida Ozarboyjonning Tog‘li Qorabog‘ muxtor viloyati va unga yondosh bo‘lgan yettita tuman ishg‘ol qilindi.

Ozarboyjonning bosib olingan hududlarini qurolli kuchlar yordamida qaytarib olishga urinish ma’lum tanaffuslar bilan davom etib keldi. 2016 yilning aprel oyida to‘rt kun davom etgan urush harakatlari chog‘ida har ikki tarafdan o‘nlab harbiylar va tinch aholi vakillari nobud bo‘lgan edi. 2020 yilning 27 sentyabr Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida qurolli harakatlar boshlangan edi. Ikki oydan ortiqroq davom etgan to‘qnashuvlar natijasida Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi yetti tumanning asosiy qismi Ozarboyjon ixtiyoriga qaytarildi. Har ikki tarafdan minglab insonlar, jumladan, tinch aholi vakillari ham nobud bo‘ldi.

2020 yil 10 noyabrga o‘tar kechasi Rossiya rahbari tashabbusi bilan ikki mamlakat o‘rtasida sulh bitimi imzolandi. Shu kunda e’tiboran mintaqada urush ochmaslik to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirdi va mintaqada tinchlikni saqlash maqsadida Tog‘li Qorabog‘ga Rossiya armiyasining tinchlikparvar kuchlari kiritildi. Ayni paytda minglab armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ viloyatining maqomi hozircha aniq ma’lum qilinmagan. Ayni paytda ushbu hududni Armanston bilan bog‘lab turadigan, Lochin tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li ham tinchlikparvar kuchlar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Kuni kecha bo‘li o‘tgan uchrashuv chog‘ida qayd etilganidek, sulh bitimi kuchga kirganidan so‘ng, ikki mamlakat o‘rtasida ushbu hujjat talablarining buzilishi bilan bog‘liq biror jiddiy holat kuzatilmagan.

Rossiya Prezidentining ushbu uchrashuv chog‘ida ma’lum qilishicha, tinchlikparvar kuchlar har ikki tomon oldidagi vazifalarini to‘la-to‘kich ijro etmoqda. Hozirgi paytga qadar qurolli to‘qnuvlar paytida Tog‘li Qorabog‘ni tark egan 48 mingdan ortiq arman qochoqlari o‘z uylariga qaytgan. “Bu kelishuv har ikki mamlakat uchukn foydadan xoli bo‘lmaydi” dedi Rossiya Prezidenti jurnalistlar bilan o‘tgan brifing chog‘ida.

Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’lum qilishicha, 2020 yildagi qurolli harakatlar so‘ngida erishilgan sulh bitimi mintaqada tinchlik va xavfsizlikni saqlash, to‘xtab qolgan qo‘shnichilik aloqalarini davom ettirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Armaniston hukumati rahbari Nikol Pashinyan havm mazkur uchrshuvning samarali o‘tganini ta’kidlab, hali ziddiyalar to‘la bartaraf etilmagani, jumladan, Tog‘li Qorabog‘ning maqomi mavhumligicha qolayotganini aytdi. Shu bilan birga harbiy asirlarni ayirboshlash bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelish lozimligini qayd etdi. Pashinyan bu boradagi muzokaralar xalqaro hujjatlar doirasida davom etishi va har jihatdan maqbul yechim topishini bildirdi.

Rustam Jabborov,
siyosiy sharhlovchi

Kiritildi: 22:16 12.01.2021. O'qildi: 2621 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!