Rossiyalik darvozabon Matvey Safonov yozgi transfer oynasida jamoasini o‘zgartirishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Yag‘iz Sabunjog‘lining yozishicha, "PSJ" Safonovni "Galatasaroy"ga taklif qilgan.
Bunga javoban "Galatasaroy" Ederson yoki jahon darajasidagi boshqa darvozabonni qo‘lga kirita olmasa, "PSJ"ning Safonov bo‘yicha taklifini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.
Matvey Safonov o‘tgan yozda "PSJ" safini to‘ldirgandi. O‘shandan beri rossiyalik parijliklar safida 17 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol o‘tkazib yuborgan. "PSJ" tarkibida Safonov to‘rtta chempionlikni qo‘lga kiritdi, xususan, Liga 1 chempionlik kubogi va Chempionlar Ligasi kubogi.
Transfermarkt portali 26 yoshli Matvey Safonovni 20 million yevroga baholamoqda.