Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi «NURA Electric» zavodi faoliyati bilan tanishdi. 50 mln dollar investisiya kiritilgan korxonada 1 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilgan.
«NURA Electric» yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika uskunalarini to‘liq texnologik sikl asosida ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 20 gektar maydonda joylashgan zavodda 1,5 mingdan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxonada 0,4–500 kilovolt kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, nimstansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun avtomatika shkaflari, elektr shinalar va metall konstruksiyalar tayyorlanadi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 25 mingdan ortiq uskunani tashkil etadi.
Ishlab chiqarish jarayonida Yaponiyaning «Amada», Turkiyaning «Durma» va «Teslabend» kompaniyalari uskunalaridan foydalaniladi. Korxonada raqamli boshqaruvli dastgoh va presslarning umumiy soni 120 tadan oshadi.
Ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlari «SAP ERP» yagona raqamli platformasi orqali muvofiqlashtiriladi. Jarayonlarni optimallashtirish, mahsulot va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxini 10 foizgacha pasaytirishga erishilgan.
Majmuada akkreditasiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasi faoliyat yuritadi. Mahsulotlar xalqaro ISO standartlari talablariga muvofiq ishlab chiqariladi. Korxona uskunalarni to‘liq butlash, o‘z laboratoriyasida sinovdan o‘tkazish va kecha-kunduz servis xizmati ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida «O‘zenergoinjiniring» aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Har yili universitetning 100 nafardan ortiq talabasi korxonada haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini o‘taydi.
Prezident zavodda mahalliy xomashyo va zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan transformator stansiyalari, taqsimlash qurilmalari hamda boshqa energetika uskunalari bilan tanishdi. Shuningdek, xodimlar bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan mehnat sharoitlari haqidagi fikrlarini tingladi.
Davlat rahbari ichki bozor talabini qondirish bilan birga Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy bozorlarga eksportni kengaytirish, sohaga yuqori malakali mahalliy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
— Biz faqat mahsulot emas, injiniring xizmatlarini ham eksport qilishimiz kerak. Buning uchun o‘zimizda shakllanayotgan loyihalashtirish va sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz zarur, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, ehtiyot va butlovchi qismlar turini ko‘paytirish, ularni ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda servis xizmatlari ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Energetika sohasidagi loyihalarda mahalliylashtirish darajasini oshirish maqsadida loyihalarni ishlab chiqishda mahalliy loyiha institutlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
— O‘zimizning loyihachilarimizga ishonishimiz, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Xorijda o‘qigan, tajriba orttirgan yoshlarimiz bor. Ularning atrofida mutaxassislarni birlashtirib, buyurtma bilan ta’minlasak, bu sohani rivojlantirishga qodirmiz, — dedi Prezident.
Shu maqsadda hududlarda energetika sohasiga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallarini tashkil etish belgilandi.