Bundan buyon viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallalarda o‘tkaziladi.
“Shunda xalq bilan muloqot paydo bo‘ladi, odamlarimiz bundan rozi bo‘ladi, tibbiyot tizimiga xolis bahoni xalqning o‘zi beradi.
Shu o‘rinda viloyat, tuman tibbiyot rahbarlari, bosh shifokorlar va poliklinika mudirlariga murojaat qilmoqchiman. Ular o‘zlariga savol bersin: bemor shifoxona yoki poliklinikaga kelganda qancha vaqt sarflamoqda, olgan xizmatidan qanchalik ko‘ngli to‘lmoqda?
Mazkur rahbarlar o‘zlarini bemorning o‘rniga qo‘yib, eshikdan boshlab, vrach qabulxonasiga kirish uchun xonama-xona yursa, rentgen, laboratoriya, UZI, EKG uchun boshqa-boshqa qavatga chiqib-tushsa, shunda odamlarning holatini tushunib, bu savolga javob topadi.
Shu bois, har bir viloyat va tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborli bo‘lib, dardiga shifo izlab kelgan har bir insonning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shart!”
— dedi Prezident.