2018 yilning 18 yanvarida Qozog‘iston cho‘llarida avtobus ichida yonib ketgan 52 nafar o‘zbek farzandlari hammamizning yodimizda.
Shu voqea sabab yana bir bor, nafaqat, mamlakat ichida, balki boshqa davlatlar bilan ham transport aloqalarimiz naqadar abgor holatda ekanligi o‘rtaga chiqdi.
Buning asosiy sababi O‘zbekistonning ichki va tashqi transport harakatlari 2 katta monopol tashkilotlar - «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan o‘zaro bo‘lib olinganligidadir.
Buni O‘zbekiston Prezidenti ham bir necha marta e’tirof etdi.
2018 yilning 5 mart kuni “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi. Qaror matni faqat rus tilida berilgan, o‘zbekcha qaror ham bor; faqat kirill alifbosida berilgan qarorda faqatgina ilova, lotin alifbosida berilgan qarorda esa «Hujjat matni rus tilida berilgan» degan ma’lumot bor xolos. Hujjatlarni tayyorlovchi davlat organlariga alohida salom. Qisqacha mazmuni chetga ishlagani chiqib ketayotgan O‘zbekiston fuqarolariga avia yoki temir yo‘l chiptalarini sotib olishda “Aloqabank” vositachiligida 20 foizlik chegirma va 300.000 so‘m miqdorida moddiy yordam berishdan iborat.
Bu, albatta, chetga, asosan, Rossiyaga borib ishlovchilar uchun quvonarli qaror sifatida qabul qilindi.
Lekin...
Lekin aslida ham XALQ bu qarordan keyin chetga chiqishda qulayliklarga, chegirmaga, imtiyozga ega bo‘lmoqdami?
Yo‘q!!!
Sababini quyida batafsil tushuntirishga harakat qilaman.
Shu kunlarda bir tanishim (yoshi 21 da, Rossiyada 2 yil ishlab qaytganiga 1 hafta bo‘lmay, qayta ketish harakatida) bilet masalasida maslahat so‘ragandi, yuqoridagi qaror yuzasidan Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligiga uchrashni maslahat berdim, shunday qilsa, bilet narxidan biroz chegirma olishi mumkinligini aytdim.
Oradan bir kun o‘tib, tanishim mehnat bo‘limidan chegirma bilan olgandan ko‘ra, ko‘chadan naqdga arzonroq ekanligini aytganda ishonmadim, mustaqil tekshirib ko‘rishga qaror qildim.
Tekshirish uchun Toshkentdan Moskvaga, 20 oktyabr, yakshanba kuni uchun aviabilet narxlarini tanlab oldim.
Avvalo ishni yashash joyimga yaqin bo‘lgan Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida joylashgan aviakassalardan bilet narxlarini surishtirishdan boshladim.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK ning rasmiy dilerlarida Toshkent > Moskva aviachipta narxi, ekonom klass uchun eng arzoni 1.450.000 so‘m ekan, bir nechta aviakassalarda deyarli bir xil narx.
Eng arzon bilet Rossiya aviakompaniyasi Utairdan “Toshkent > Moskva” yo‘nalishi uchun 1.330.000 so‘m ekan.
Keyingi qadamda esa onlayn biletlarni qidirib ko‘rdim.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK ning rasmiy saytidan “onlayn bronlash” xizmati orqali “Toshkent > Moskva” yo‘nalishida bilet qidirganimda eng arzon bilet 1.449.874 so‘m belgilangan ekan.
Arzon aviabiletlar topish xizmati bo‘lgan Aviasales saytidan ham qidirib ko‘rdim. U yerda eng arzon bilet Utair aviakompaniyasi tomonidan taqdim etilgan, 1.345.138 so‘m.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK tomonidan taqdim etilgan narx esa 1.453.846 so‘m.
Demak, “Toshkent > Moskva” yo‘nalishidagi, ekonom klass uchun arzon bilet narxi, o‘rtacha 1.450.000 so‘m atrofida ekanligidan kelib chiqib, migrasiya bo‘limiga hujjatlarni rasmiylashtirish va bilet sotib olish uchun keldim.
Taxminimcha, bilet narxi 1.450.000 bo‘lsa, 20 foiz chegirma( -290.000 so‘m), 300.000 so‘m moddiy yordamni chiqarib tashlasa, 860.000 so‘m bilet uchun to‘lov qilish kerak edi.
Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari tuman bo‘limidan kerakli ma’lumotnoma olgach, agentlikning viloyat bo‘limiga bordik.
U yerda hujjatlarni ro‘yxatga olishgach, aviakassaga borib, narxlarni eshitib, kapalagim uchib ketdi.
20 foizlik chegirma va 300.000 so‘mlik moddiy yordam qo‘shib hisoblaganda ham “Toshkent > Moskva” yo‘nalishidagi , 20 oktyabr sanasi ekonom klass uchun bilet narxi 1.665.000 so‘m ekan!
Demak bu narxga 300.000 (1.965.000) va 20 foiz chegirmani qo‘shsak, umumiy bilet narxi 2.456.250 so‘m ekan!
Qo‘shimcha majburiy hayot sug‘urtasi, Agrosug‘urta tomonidan (50.000 so‘m), “Aloqabank” tomonidan majburiy (aynan majburiy, shaxsan guvoh bo‘ldim, bir mijoz Hamkorbank VISA kartasi borligini aytishiga qaramay, majbur ochtirishdi) VISA karta ochtirish (50.000 so‘m. Darvoqe, PQ-3584 da “Aloqabank” tomonidan VISA kartalar 1 ish kunida ochib berilishi yozilgan, bu yerda esa 5 ish kunida ochib berishlarini aytishmoqda, vaxolanki ko‘pchilik 5 ish kuni muddat ichida allaqachon uchib ketib bo‘lmoqda).
Eng qizig‘i faqat agentlik binosida tashkil qilingan maxsus avikassadan bilet olsangizgina yuqoridagi 20 foizlik chegirma va 300.000 so‘mlik moddiy yordam berilar ekan.
Aviakassa xodimasining aytishicha, ekonom klassda 12 hil turdagi narx tariflari mavjud bo‘lib, aviakompaniya aynan migrantlar uchun 2.456.250 so‘mlik tarifni majburan (!) o‘tkazmoqda ekan!
Bu nima ahvol?!
Shu o‘rinda «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK ga bir qancha savollar tug‘iladi.
Nega odatiy holatda 1.450.000 bo‘lgan bilet, davlat yordam puli berishi kerak bo‘lgan holat uchun 1 million so‘m qimmat narxda sotilmoqda?
Nega aviabilet sotib oluvchilar uchun qanday turdagi biletni sotib olish tanlovi berilmayapti?
Nega eng arzon tarifni emas, eng qimmat tarifni majburiy (!) qilib belgilangansizlar?
Bu qarordan maqsad nima?
Hech kim olmayotgan qimmat tarifdagi biletlarni majburan sotishmi?
Yoki XALQ pulini bir cho‘ntakdan ikkinchi cho‘ntakka solish yo‘li bilan o‘g‘irlashmi?
1 kun ertalabdan kechgacha hujjat tayyorlab, navbatga turib, yo‘l haqi uchun pul sarflab, yana davlatdan xuddi boqimandadek yordam olgan qora bo‘lib, 1.665.000 so‘mga bilet olish qulaymi, yoki shunday uying yaqinidagi aviakassadan 1.330.000 so‘mga aviabilet olgan afzalmi?
Odamlarni, XALQni ustidan kulish shunchalik ham bo‘ladimi, hurmatli «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK rahbariyati?
Bu holatdan juda katta korrupsion sxemaning izi ko‘rinmoqda.
Avvalo ko‘chada sotilayotgan 1.450.000 so‘mlik biletni 2.450.000 so‘mdan sotish orqali, har bir ajratilgan yordamdan 1.000.000 so‘mdan pul qaysidir «cho‘ntak»ka ketmoqda (1.450.000 so‘mlik biletni olgan ham, 2.450.000 so‘mlik biletni olgan ham bir xil joyda ketadi).
Majburiy hayot sug‘urtasi, “Agrosug‘urta” (har bir odamdan 50.000 so‘mdan). Bunda ham tanlov berilmagan, davlatga tegishli bo‘lgan “Agrosug‘urta” hukumat yoki mahalliy hokimiyat vakillari ko‘magida monopollik qilmoqda.
Undan tashqari Aloqabank VISA kartalarini majburiy (!) ochib berishi (50.000 so‘mdan, deyarli ko‘pchilik kartalari bank shoxobchasida qolib ketgan).
PQ - 3584 dan maqsad nima o‘zi? Migrantlarga yordam berishmi, yoki monopol tashkilotlarni korrupsion ishlarini qonuniylashtirishmi?
Davlat rahbari bu qarorni qabul qilishdan maqsadi odamlarga yordam berish bo‘lsa, unda o‘ziga berilgan imtiyozlarni suiiste’mol qilayotgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Davlat va Prezident siyosatiga qarshimi?
Agar maqsad XALQni og‘irini yengil qilish, odamlarga yordam berish bo‘lsa, aviakompaniya qilgan insofsizlikka chora ko‘rish, narxlari arzon biletlarga ham chegirma va moddiy yordamni qo‘llash, iloji bo‘lsa, har qanday aviakompaniya biletlari uchun joriy qilish kerak.
Agar maqsad korrupsion sxema asosida daromad olishni qonuniylashtirish bo‘lsa, qarordan monopol tashkilotlar shu yo‘lda foydalanishayotgan bo‘lsalar, bu qonunni bekor qilgan afzal. Shundoq ham bu chegirma va yordamsiz narx ancha arzon tushmoqda.
Mutasaddi tashkilotlar va «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK dan shu ma’lumotlarga javob kutib qolamiz.
P.S. Post 9 oktyabr, soat 17.30 da yozildi. Aviabiletlar uchun post yozilgan kungi narxlar ko‘rsatib o‘tilgan.
Olimjon Haydarov, Farg‘ona
Manba: sof.uz