Bugun 26 mart, 2026 yil, payshanba

КИР

Prezident neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha rejalarni qattiq nazoratga olishni topshirdi

Prezident neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha rejalarni qattiq nazoratga olishni topshirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmog‘ida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot berildi.

«O‘zbekneftgaz» tizimida tabiiy gaz qazib chiqarish dinamikasi, mavjud pasayish omillari hamda ularni qoplash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berildi. Joriy yilning birinchi choragida yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjudlarini ta’mirlash va texnologik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga qo‘shimcha hajmlar ta’minlangani, yil davomida esa bu boradagi ishlar yanada kengaytirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.

Quduqlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Hozirda yangi 2D va 3D seysmik tadqiqotlar uchun istiqbolli maydonlar aniqlanmoqda. Burg‘ilash va dala ishlari ustidan xalqaro standartlar asosida nazoratni kuchaytirish maqsadida supervayzing tizimini yo‘lga qo‘yish, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib chiqarish dasturlarini yanada puxta shakllantirish bo‘yicha choralar belgilangan.

Konlarda gaz qazib olish koeffisiyentini oshirish, qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, geologiya-qidiruv va burg‘ilash ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan amaliy natija beradigan sheriklikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Mutasaddilarga belgilangan rejalar ijrosini qattiq nazoratga olish va har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq natijadorlikni ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Kiritildi: 21:41 25.03.2026. O'qildi: 383 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!