Prezident Li Chje Myong tegishli talab bilan Madaniyat, sport va turizm vazirligiga murojaat qilgan. Koreyaliklar A guruhida 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab, jahon chempionati pley-off bosqichiga chiqa olmadi.
"Men bu kutilmagan natijadan shunchaki hayratda emas, balki butunlay lol qoldim. Agar qobiliyatga emas, o‘z odamlarimizga ustunlik berilsa va rahbarlik lavozimlariga layoqatsiz odamlar tayinlansa, natija oldindan ma’lum bo‘ladi", — deb yozdi u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida.
Davlat rahbari milliy jamoaning pley-off bosqichiga chiqa olmasligi mamlakat fuqarolarining hafsalasini pir qilganini aytdi. Li Chje Myong bu tashkilot boshqaruvi va kadrlar siyosatidagi xatolar oqibati bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Jahon chempionatida ishtirok etish uchun ham milliy soliq to‘lovchilarning katta mablag‘lari va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash resurslari sarflanishini inobatga olib, Madaniyat, sport va turizm vazirligidan ushbu hodisaning aniq holatlarini sinchiklab o‘rganish, uning sabablarini tahlil qilish va bunday holatlarning oldini olish choralarini ishlab chiqish va aniq islohotlar rejasini taqdim etishni so‘rayman. Ushbu nomaqbul holat tufayli yuzaga kelgan chuqur ko‘ngilsizlik uchun fuqarolardan chin dildan uzr so‘rayman", — dedi Janubiy Koreya prezidenti.