Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrif doirasida viloyat markazidagi “Firdavs” va “Faol hayotga qadam besh xizmat” kunduzgi parvarish markazlarida bo‘ldi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyada O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qo‘yilgan. Inson qadri, farovonligi va ijtimoiy himoyasi davlat siyosatining markazida turibdi.
Shu ma’noda, yurtimizda shu yil mart oyidan boshlab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday loyihalar xususiy sheriklik asosida, davlat tomonidan subsidiya orqali amalga oshirilmoqda.
“Firdavs” markazi — tadbirkor Sayyora Qosimova tashabbusi bilan DXSh asosida tashkil etilgan. Bu yerda 36 nafar nogironligi bo‘lgan bolalarga maxsus ta’lim, reabilitasiya va individual mashg‘ulotlar taqdim etiladi. Nevropatolog, defektolog, surdolog, pedagog va psixologlar bolalarga yordam bermoqda. Ahamiyatlisi bu xizmatdan foydalanayotgan onalar juda mamnun.
“Faol hayotga qadam besh xizmat” markazi — tadbirkor Xosiyat Ortiqova tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 16 o‘rinli, zamonaviy tibbiy va reabilitasiya sharoitlari bilan jihozlangan. Mashg‘ulotlar natijasida sakkiz nafar shaxsning mustaqil hayotga qaytish qobiliyati yaxshilangan, besh nafar oila a’zosi ishga joylashgan.
Davlat rahbari yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi kengaytirilishini ta’kidladi.
P.S. Hozirda “Faol hayotga qadam” dasturiga respublika bo‘yicha 600 nafar tadbirkor DXSh asosida qo‘shilgan, ularning 46 tasi Namanganda faoliyat ko‘rsatmoqda. Dastur asosida respublika bo‘yicha 24 ming nafar shaxs, shu jumladan 3 ming nafar bola qamrab olingan.