Joriy yil 7 noyabr holatiga ko‘ra, chiqindilar bilan bog‘liq 3 696 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan jami 2 milliard so‘mlik ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, «Xalq nazorati» platformasi orqali fuqarolardan ekologiyaga oid 62 863 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shularning 60 906 tasi hal etilgan.
Shuningdek, 812 ta maxsus texnika yordamida 585 ta mahalla hududidan 14 ming tonna maishiy va qattiq chiqindilar chiqarilib, poligonlarga joylashtirilgan. 8 573 ta ko‘p qavatli uylar hududi tozalangan, 2 890 tup daraxt parvarish qilinib, dekorativ shakl berilgan.
Gidroob’ektlar bo‘yicha ham ishlar amalga oshirilib, 12 ta hududda 10 km suv hududlari, kanal va daryolar 315 tonna chiqindidan tozalangan. Shuningdek, 594 ta ob’ektda sanitariya holati tekshirilib, aniqlangan 365 ta kamchilik bartaraf etilgan.
Ekologik tartib-intizomni kuchaytirish maqsadida hokimlik tomonidan «Toza hudud» va «Toza poytaxt» loyihalari doirasida maxsus shtab tashkil etilgan.