Ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l va piyoda yo‘laklarigacha yopildi. Chegaraga beton to‘siqlar va temir simlar tortildi. Barchasiga Rossiya dronlari sabab.
2025 yil 12 sentyabrdan e’tiboran Polsha Belarus bilan barcha chegara punktlarini — avtomobil, temir yo‘l va piyoda yo‘llarini bir tomonlama ravishda to‘liq yopdi. Rasmiy Varshava bu qarorni xavfsizlikni ta’minlash uchun qabul qilganini bildirdi. Polsha ichki ishlar vaziri Marchin Kervinskiyning ta’kidlashicha, chegara faqat to‘liq xavfsizlik ta’minlanganidan so‘ng ochiladi.
Chegaraning yopilishi Rossiya va Belarusning «Zapad-2025» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlanishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Shuningdek, avvlroq Polsha havo kengliklariga Rossiya armiyasi qo‘llayotgan «Gerbera» turidagi o‘nlab dronlar kirib kelgan. NATO esa buni qasddan hujum sifatida baholamadi va ularning yo‘nalishdan adashganini qayd etdi.
Voqea ko‘plab fuqarolar uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Belarusliklar, xususan, savdo va ishlash maqsadida Polshaga borib-kelib turadiganlar katta qiyinchilikka uchradi. Ko‘plab avtobuslar va mashinalar chegara yopilishidan oldin uni kesib o‘tishga ulgura olmadi.
Chegara yopilishi arafasida yuzlab transport vositalari to‘planib qoldi. Ko‘plab fuqarolar uzun navbatlarda turib qoldi, bir qismi esa chegara postlariga yetib borganida to‘xtatilib, orqaga qaytishga majbur bo‘ldi. Polsha tomoni yo‘llarni beton bloklar bilan to‘sdi, temir simlar tortildi va harbiylar kuzatuvga jalb qilindi.