MXX Tergov boshqarmasi tergov bo‘limining sobiq boshlig‘i, polkovnik Nodir To‘raqulov 2018 yilning 25 oktyabrida 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan va 81 million 92 ming so‘m jarimaga tortilgan. Hozirda To‘raqulov ustidan ochilgan ikkinchi jinoyat ishi bo‘yicha tergov davom etmoqda.
To‘raqulov ishi bo‘yicha jabrlanuvchi sifatida mahkamada ishtirok etgan surxondaryolik yigitning aytishicha, sud Nodir To‘raqulovni 16 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan. Bu haqda xorijiy OAVlarga asoslanib, Xabar ma’lumot berdi. Hozircha rasmiy ma’lumot yo‘q. Rasmiy ma’lumot olish uchun Bosh prokuratura matbuot xizmati bilan bog‘lana olmadik.
Polkovnik To‘raqulov Nodir Dilmurodovichga nisbatan Oliy sud harbiy hay’atining 2018 yil 25 oktyabrda hukmi chiqqan. Sud hukmiga ko‘ra, Nodir To‘raqulov Jinoyat kodeksining mansab doirasidan chiqish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, pora olish, firibgarlik, tovlamachilik singari 10 dan ortiq moddalari bilan aybdor deb topilib, 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. Bundan tashqari u eng kam ish haqining 400 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.
Oliy sud Harbiy hay’atida 42 yashar Nodir To‘raqulov bilan birgalikda MXX mulozimlari, prokuror, milisiya va tadbirkorlardan iborat, jami 12 nafar kishi sudlanayotgan edi.
Ayni paytda To‘raqulov sheriklariga nisbatan qanday jazo berilgani ma’lum emas.
Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, To‘raqulovga nisbatan ochilgan ikkinchi jinoiy ish doirasida u yana 10ga yaqin modda bo‘yicha ayblanmoqda.
Nodir To‘raqulovga nisbatan O‘zbekiston Harbiy prokuraturasining tergov guruhi tomonidan odam o‘g‘irlash, qotillik, tovlamachilik, qiynoqqa solish singari yana o‘nga yaqin moddalari bilan tergov harakatlari olib borilayotgani haqida ma’lumotlar bor.
To‘raqulov ishi bo‘yicha ochilgan ikkinchi jinoyat ishida jabrlanuvchi sifatida ishtirok etayotgan shaxsning aytishicha, ikkinchi ish bo‘yicha tergov nihoyasiga yetib qolgan.