Pokistonning Afg‘oniston bilan chegarasidagi Kohat shahrida sodir etilgan xudkushlik portlashida halok bo‘lganlar soni kamida 31 kishiga yetdi. Bu haqda 19 sentyabr kuni polisiya ma’lum qildi. Hududda otishma hali ham davom etmoqda.
Jangarilar 18 sentyabr kuni Pokistonning shimoliy-g‘arbiy Xayber-Paxtunxva provinsiyasidagi Kohat tumani polisiya bosh boshqarmasi majmuasiga bostirib kirgan. Portlovchi moddalar ortilgan mashina kuchli portlash keltirib chiqargan. Oqibatda polisiya hovlisidagi masjidga jiddiy zarar yetgan.
“Jangarilar hujumi va xudkushlik portlashida hozirgacha kamida 31 kishi halok bo‘ldi. Ularning 16 nafari polisiya xodimlaridir. Yana 100 dan ortiq kishi yaralandi”, dedi polisiya vakili AFP agentligiga.
Polisiyaning bildirishicha, bir necha jangarilar hali ham Kohat polisiya majmuasining Maxsus bo‘limida yashirinib olgan. 18 sentyabrdan beri ular bilan otishma davom etmoqda. Ularning aniq soni hozircha noma’lum.