Afg‘onistonning Pokistondagi muvaqqat ishlar vakili Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi va unga Xayber-Paxtunxva viloyatidagi polisiya postiga uyushtirilgan hujum munosabati bilan demarsh e’lon qilindi.
Bayonotga ko‘ra, hujum yuzasidan o‘tkazilgan tergov natijalari ushbu harakat Afg‘onistonda boshpana topgan «Fitna al-Xavorij» guruhi (avvalgi «Texrik-i-Talibon Pokiston» yoki «Pokiston toliblari harakati» nomi bilan mashhur) jangarilari tomonidan tashkillashtirilganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, Afg‘oniston tomoniga Islomobod «ushbu vahshiyona harakat aybdorlariga qat’iy javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishi» ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni jangarilar avtomobilni portlatib yuborishi oqibatida kamida 15 nafar polisiyachi halok bo‘lgan edi.