Pokiston poytaxtidagi shialar masjidida juma namozi vaqtida yuz bergan portlash oqibatida kamida 31 kishi halok bo‘ldi, 169 kishi jarohatlandi — OAV.
Poytaxt Islomobodning Tarlay hududidagi masjidda yuz bergan portlash sababli shahardagi uchta shifoxonada favqulodda holat e’lon qilindi.
Portlash sabablari hozircha aniq emas, biroq xabarlarda hodisa xudkush terrorchi tomonidan sodir etilgani taxmin qilinmoqda. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif sodir bo‘lgan voqeani qoralab, halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Islomobod polisiyasi portlashni terrorchilik hujumi deb baholadi va tergov harakatlari boshlanganini ma’lum qildi. Qutqaruvchilar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yaradorlarning ayrimlari og‘ir ahvolda qolmoqda. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan lavhalarda polisiya va mahalliy aholi jarohatlanganlarni yaqin atrofdagi shifoxonalarga tashiyotgani aks etadi.
Hozircha portlash uchun hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgani yo‘q, biroq gumonlar Pokiston “Tolibon”i yoki ISHID kabi jangari guruhlarga qaratilishi ehtimoli yuqori, deya xabar bermoqda The Washington Post. Ushbu guruhlar ilgari ham mamlakatda ozchilikni tashkil etuvchi shialarga qarshi hujumlarda ayblangan.