Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga mintaqadagi vaziyat keskinlashganda mamlakatiga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi postida ma’lum qildi.
Sharif, Pokistonning turk xalqining birdamligi va shahid pokistonliklar xotirasiga qilingan duolarni qadrlashini qayd etdi. U, shuningdek, Erdo‘g‘anni joriy harbiy vaziyat haqida ma’lumot berdi va Anqaraga Janubiy Osiyodagi keskinlikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Pokiston Turkiyadan Janubiy Osiyodagi keskinlikni pasaytirish va tinchlikni saqlash borasidagi sa’y-harakatlari uchun minnatdor”, — deyiladi bosh vazir bayonotida.
Turkiya Prezidentligining Aloqa boshqarmasi bayonotiga ko‘ra, telefon suhbati 6 may kuni bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Jammu va Kashmirdagi yaqinda sodir bo‘lgan hujum, mintaqadagi umumiy vaziyat va keskinlikni pasaytirish yo‘lidagi mumkin bo‘lgan qadamlarni muhokama qilgan.
Prezident Erdo‘g‘an Turkiya Pokistonning o‘lchovli va vazmin pozisiyasini qo‘llab-quvvatlashini hamda hujum yuzasidan xolis va ishonchli xalqaro tergov olib borishni maqsadga muvofiq deb bilishini yana bir bor ta’kidladi.
U, shuningdek, Anqara keskinlashuvning oldini olish uchun barcha zarur diplomatik sa’y-harakatlarni qilishga tayyorligini ta’kidladi.