Afg‘onistonning Xost viloyatida Pokiston harbiylari mahalliy fuqaroning uyini bombalashi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldi
Bu haqda “Tolibon” hukumatining rasmiy vakili Zabihulloh Mujohid ma’lum qildi.
Mujohidning aytishicha, Pokiston Kunar va Paktika viloyatlarida ham reydlar o‘tkazib, to‘rt nafar tinch aholini jarohatlagan.
Pokiston armiyasi va tashqi ishlar vazirligi holatga izoh bermagan. Bu reydlar Pokistonning Peshovar shahridagi harbiylashgan tuzilma binosiga hujumlardan bir kun o‘tib amalga oshirildi. Bu teraktda uch nafar polisiyachi halok bo‘lgandi.
So‘nggi vaqtlarda Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar soni oshib bormoqda. O‘tgan oyda ikki davlat harbiylari to‘qnashuvi o‘nlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgandi.