2026 yil 1 apreldan pilla yetishtiruvchilarga (ipak qurti boquvchi va kasanachilarga) «mahalla yettiligi»ning kollegial qarori asosida pillachilik klasteri haqiqatda pilla uchun to‘lab bergan mablag‘larning 35 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Joriy yil 6 martdagi «Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–87-son qaror bilan, shuningdek, o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi (O‘rmon agentligi) balansidagi yer maydonlarida tashkil etiladigan tutzorlarda pilla kooperativi tuzish maqsadlari uchun ushbu kooperativ a’zosi hisoblanadigan kambag‘al oilalarga (1 ta oilaning 1 nafar a’zosiga faqat 1 marta) 4 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilandi.
Ipak qurtini parvarishlashda zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va jihozlarni xarid qilish uchun esa kasanachilarga 3 yil muddatga BHMning 50 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
Shu bilan birga, urug‘chilik korxonalariga ipak qurti urug‘larini tayyorlash faoliyatiga jalb etiladigan har bir mavsumiy ishchi oylik ish haqining 50 foizi, biroq mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2 baravaridan oshmagan qismi kompensasiya qilib beriladi.