Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyan Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida 12 ta hamkorlik shartnomasi imzoladi va so‘nggi 12 kunlik urush davomida mamlakatning qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u ikki tomonlama savdo hajmini $10 milliardgacha oshirishni taklif qildi.
Pezeshkiyan bunday dedi:
“Men sevimli ikkinchi yurtim — aziz Pokistonda bo‘lishdan mamnunman. Hurmatli hukumatga va akasim, Bosh vazir Shahboz Sharifga samimiy mehmondo‘stliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.”
U ta’kidlashicha, Pokiston hukumati, parlamenti, siyosiy partiyalari va ulamolari Isroil va AQSh tomonidan Eronga qarshi amalga oshirilgan 12 kunlik terroristik tajovuz paytida Eronni faol himoya qilib, muhim pozisiya ko‘rsatishgan.
Prezident Pezeshkiyan Eron va Pokiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar tarixiy, diniy, madaniy va ma’naviy rishtalarga asoslanganini qayd etdi.
Tehron va Islomobod rasmiylari turizm, qishloq xo‘jaligi, adliya, sanoat, fan-texnologiya, transport, madaniy meros, iqtisodiy hamkorlik kabi sohalarni qamrab olgan 12ta hujjatga imzo chekdi.
Ushbu hujjatlar:
savdo hajmini oshirish,
chegara bozorlarini rivojlantirish,
temir yo‘l, avto yo‘l va dengiz yo‘llari orqali tranzitni kengaytirish,
akademik va madaniy almashinuvni yo‘lga qo‘yish,
chegara xavfsizligini mustahkamlash
kabi yo‘nalishlarda amaliy natijalar berishi kutilmoqda.
Pezeshkiyanning ta’kidlashicha, terroristik guruhlar xavfi mavjud hududlarda tinchlikni ta’minlash va chegara xavfsizligini kuchaytirish yuzasidan ham alohida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
13 iyun kuni Isroil Eronga qarshi harbiy tajovuz boshladi.
AQSh ham 22 iyun kuni Eronning Natanz, Fordo va Isfahon yadro ob’ektlariga zarba berdi.
Eron javoban "Haqiqiy va’da III" operasiyasi doirasida 22 marta Isroilga raketa zarbalari yo‘lladi.
Shuningdek, Eron Qatardagi AQSh harbiy bazasi — al-Udeydga ham raketalar bilan zarba berdi.
Urush 24 iyun kuni otashkesim bilan to‘xtadi.
Pezeshkiyanning so‘zlariga ko‘ra, Eron va Pokistonning hamkorligi nafaqat iqtisodiy, balki mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.