AQSh Mudofaa vazirligi RTX tarkibiga kiruvchi Raytheon kompaniyasi bilan AQSh Harbiy-dengiz kuchlari uchun Tomahawk qanotli raketalarini jadal ishlab chiqarish bo‘yicha 22,9 mlrd dollarlik shartnoma tuzdi.
Bu haqda Pentagon rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, shartnoma ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va AQSh Qurolli kuchlarining uzoq masofaga zarba berishdagi asosiy vositalaridan biri hisoblangan Tomahawk raketalarini yetkazib berish sur’atini oshirishga qaratilgan.
"Vazirlik sanoat korxonalarini o‘q-dorilar ishlab chiqarish hajmini oshirishga chaqirdi va RTX bu chaqiriqqa javob berdi", — dedi AQSh mudofaa vaziri o‘rinbosari, xaridlar va ta’minot masalalariga mas’ul Maykl P. Daffi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur shartnoma Vashingtonning harbiy imkoniyatlarini kengaytiradi hamda amerikalik harbiy xizmatchilarni jangovar harakatlar uchun zarur vositalar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Pentagon ta’kidlashicha, kelishuv mudofaa sanoatiga yangi xodimlarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va ta’minot zanjirlarini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan uzoq muddatli barqarorlikni ham ta’minlaydi.
Shuningdek, bu shartnoma AQSh Mudofaa vazirligining xaridlar tizimini transformasiya qilish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. U muhim qurol-yarog‘larni tezroq yetkazib berish va xarid jarayonlarining muddatini qisqartirishni nazarda tutadi.