AQSh Mudofaa vazirligi (Pentagon) prezident Donald Trampning oshkor etilmagan ittifoqchisidan kelib tushgan 130 million dollarlik xayriya mablag‘idan o‘z xodimlarining maoshlarini qoplash uchun foydalanish niyatini tasdiqladi.
CNNning xabar berishicha, Pentagon federal hukumatning vaqtincha yopilishi munosabati bilan harbiy xizmatchilarning ish haqi va nafaqalarini xayriya hisobi orqali to‘lashni rejalashtirmoqda.
Pentagon matbuot kotibi Shon Parnelning ta’kidlashicha, mazkur mablag‘lar “harbiy xizmatchilarning ish haqi va tegishli imtiyozlar xarajatlarini qoplash” uchun mo‘ljallangan. Uning qo‘shimcha qilishicha, mablag‘lar departamentning “umumiy ajratmalar vakolati” doirasida qabul qilingan.
“Armiyamizni moliyalashtirish uchun anonim xayriyalardan foydalanish, harbiy xizmatchilarimiz xorijiy kuchlar tomonidan bevosita yoki bilvosita ‘sotib olinishi’ ehtimoli haqida xavotirli savollarni keltirib chiqaradi”, — dedi Senat Mudofaa mablag‘lari qo‘mitasining demokratik a’zosi Kris Kun.
Oq uy rasmiylarining ma’lumot berishicha, oktyabr oyining birinchi yarmida harbiy to‘lovlar umumiy qiymati taxminan 6,5 milliard dollarni tashkil etgan.
Vashingtonda joylashgan American Enterprise Institute (AEI) tahlil markazi mutaxassisi Todd Xarrisonning hisoblashicha, xayriya mablag‘i “qo‘shinlarning kunlik maoshining uchdan bir qismini” qoplaydi.
AQShning moliyaviy yili 2025 yil 30 sentyabrda yakunlandi. Kongress yangi moliyaviy yil boshlanishidan avval vaqtinchalik byudjetni qabul qila olmagani tufayli, 2019 yildan beri ilk bor federal hukumat faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Demokratlar Respublikachilar taklif etgan qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlamay, tibbiy sug‘urta subsidiyalarini uzaytirish va Medicaid dasturi mablag‘larini qisqartirishni bekor qilishni talab qilmoqda. Respublikachilar esa mavjud xarajatlar darajasi saqlanib qolgan holda vaqtinchalik byudjet qabul qilinishi tarafdori.
AQSh qonunlariga ko‘ra, Kongress yangi moliyaviy yil uchun byudjet yoki vaqtinchalik byudjetni tasdiqlamasa, federal hukumat o‘z mablag‘larini sarflash vakolatini yo‘qotadi. Shu bois “asosiy bo‘lmagan” davlat idoralari faoliyati to‘xtatiladi, xodimlar haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqariladi.
Shu bilan birga, “asosiy xizmatchilar” — harbiylar, razvedka xodimlari, davlat kasalxonalari va aeroportlar ishchilari — o‘z vazifalarini bajarishda davom etadilar, ammo Kongress yangi byudjetni tasdiqlamaguncha ular ham maosh olmaydilar.