Armanistonda parlament saylovlari arafasidagi «sukut kuni» davomida saylov qonunchiligini buzganlikda gumon qilingan 200 nafarga yaqin shaxs hibsga olindi. Bu haqda Bosh vazir Nikol Pashinyanning hukmron «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi saylov shtabi rahbari Araik Arutyunyan ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sukut kuni mobaynida qayd etilgan qonunbuzarliklar yuzasidan bir qator tekshiruvlar boshlangan.
«Sukut kuni davomida qonunbuzarliklarga oid bir nechta jarayonlarni boshladik, o‘nlab yozuvlar e’lon qilindi va saylov qonunchiligi buzilgani munosabati bilan o‘nlab ishlar qo‘zg‘atildi», — dedi Arutyunyan.
Shu bilan birga, mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar «Kuchli Armaniston» muxolifat bloki ofisida tintuv o‘tkazib, uch nafar shaxsni hibsga olgan.
Muxolifat vakillari advokatlarning ofisga kirishiga to‘sqinlik qilinayotganini bildirmoqda.
«Bunday kuch ishlatish harakatlarining maqsadi shtabimiz faoliyatiga xalal berishdir», — deyiladi blok bayonotida.
Parlament saylovlarida ovoz berish mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da yakunlangan. Soat 17:00 holatiga ko‘ra saylovchilarning ishtirok darajasi 48,9 foizni tashkil etgan.
Bu galgi saylovlarda parlament o‘rinlari uchun jami 18 siyosiy kuch — 16 ta partiya va ikki saylov bloki kurashmoqda. Ular orasida 2018 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Bosh vazir Nikol Pashinyan rahbarligidagi «Fuqarolik shartnomasi» partiyasi ham bor.