Nikol Pashinyanga ko‘ra, Janubiy Kavkaz davlatlari o‘z xavfsizligi haqida o‘zi qayg‘urmasa, yangi geosiyosiy o‘zgarishlar ularni chetlab o‘tmaydi.
Armaniston bosh vaziri bu haqda Yevropa parlamentida 11 mart kuni so‘zlagan nutqida aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Armaniston va Ozarbayjon kamida so‘nggi 100 yil davomida o‘zaro bog‘liq holda yashab kelmoqda. Bir asr o‘tganiga qaramay, mintaqadagi vaziyat hamon murakkabligicha qolmoqda.
Pashinyanning fikricha, mojarolar va adovat davlatlarni “ko‘r qilib qo‘yadi” hamda ularning mustaqilligi va davlatchiligini zaiflashtiradi. Shuning uchun mamlakatlar taqdirining o‘zaro bog‘liqligini tan olish Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik o‘rnatish uchun muhim omil hisoblanadi.
Bosh vazir shuningdek, bunday qarorni qabul qilishda mamlakat ichida, ayniqsa cherkov tomonidan bo‘lgan qarshilikni yengib o‘tishga to‘g‘ri kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar “Qorabog‘ harakati”ni qayta tiklashga chaqirmoqda, bu esa amalda mojaroga qaytishni anglatadi.