Dushanba kuni kuchli qor yog‘ishi Parij va uning atrofidagi tumanlarda katta transport uzilishlariga olib keldi.
La Liberte nashrining yozishicha, kechki payt Fransiya poytaxtida qor yog‘ishi va dam oluvchilarning ketishi sababli tirbandlik rekord darajada - 900 km ga yetgan.
Qayd etilishicha, Parijda avtobus qatnovi kun davomida to‘xtatilgan, mamlakat aviakompaniyalari reyslar sonini qisqartirgan.
"Aviakompaniyalar dushanba kuni Parij-Sharl de Goll va Parij-Orli aeroportlarida parvozlar sonini 15 foizga qisqartirishi kerak. Bu chora-tadbirlar uchish-qo‘nish yo‘laklarini qordan tozalash va samolyotlarni muzdan tozalash uchun zarur", - dedi Fransiya transport vaziri Filipp Tabaro matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, 5 yanvar kuni Fransiya g‘arbida kuchli qor yog‘ib, keyinchalik Parij hududiga yetib borgan va ayniqsa Normandiya va Parij mintaqasida transportda sezilarli uzilishlarga sabab bo‘lgan edi.