Shu yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq, 2021 yilning 20-29 avgust kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan, lekin dunyo mamlakatlaridagi COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tufayli boshqa bir muddatga ko‘chirilgan mazkur musobaqa, joriy yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida o‘tkaziladi.
Bu yil beshinchi bor o‘tkaziladigan Islom birdamlik o‘yinlarida dunyoning 57 davlatidan 3000 ga yaqin sportchining ishtirok etishi kutilmoqda.
Islom birdamlik sport federasiyasi (ISSF) hamkorlik tashkiliy qo‘mitasi Islom birdamlik o‘yinlarining ushbu musobaqasining 21 sport turining 24 yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Mazkur musobaqadan o‘rin olgan sport turlari orasida yengil atletika, basketbol (3x3), velosiped poygasi, trek velosipedi, qilichbozlik, futbol, kurash, og‘ir atletika, gandbol, gimnastika, akrobatik gimnastika, badiiy gimnastika, dzyudo, karate, kikboksing, stol tennisi, kamondan otish, taekvondo, voleybol va suzish turlari bilan bir qatorda yengil atletika, dzyudo, suzish va og‘ir atletika kabi nogironlar uchun sport musobaqalari ham o‘rin olgan. Boshqa davlatlar qatori O‘zbekiston sportchilarining ham Konyada bo‘lib o‘tadigan bahslarda munosib ishtirok etishi kutilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda sport federasiyalari hamkorligida tayyorgarlik dasturi ishlab chiqilgan hamda o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarining rejasi tasdiqlangan.
O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, V Islom birdamlik o‘yinlarida O‘zbekiston delegasiyasining 23 sport yo‘nalishi bo‘yicha 270 ga yaqin sportchi bilan qatnashishi rejalashtirilmoqda. Bo‘lajak o‘yinlarda O‘zbekistonning gandbol va 3x3 basketbol ayollar jamoalarining medallar uchun kurash olib borishi kutilmoqda.
Ilk Islom birdamlik o‘yinlari 2005 yil 8-20 aprel kunlari Saudiya Arabistonining Makka shahrida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, unda 55 davlatdan 6000 ga yaqin sportchi ishtirok etgan.
2010 yilda Eronda o‘tkazilishi rejalashtirilgan ikkinchi o‘yinlar Eron bilan kelishmovchiliklar tufayli bekor qilindi. Uchinchi Islom birdamlik o‘yinlari 2013 yilda Indoneziyada, to‘rtinchi o‘yinlar esa 2017 yilda Bokuda o‘tkazildi.
Tafakkur olamining buyuklaridan biri bo‘lgan Jaloliddin Rumiy yashab o‘tgan Konya shahrida bo‘ladigan V Islom birdamlik o‘yinlari bellashuvlariga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 3 iyulida bo‘lib o‘tadi.