Bugun 24 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Panama kanali tarixida ilk bor ayol ma’mur rahbarlik qildi

Panama kanali tarixida ilk bor ayol ma’mur rahbarlik qildi

Dengiz muhandisi Iliya Espino de Marotta dushanba kuni Panama kanali ma’muriyati rahbari lavozimiga kirishdi. U kanal tarixida mazkur yuqori lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘ldi.

Espino so‘nggi o‘n yil davomida qiymati milliardlab dollarga baholangan kanalni kengaytirish loyihasiga rahbarlik qilgan. U bunga qadar ma’mur o‘rinbosari lavozimida ishlagan va endi kanal ma’muriyati rahbari sifatida keyingi yetti yil davomida faoliyat yuritadi.

Panama kanali 1999 yil oxirida AQSh tomonidan Panamaga to‘liq topshirilganidan beri ma’mur lavozimini atigi uch nafar panamalik egallagan.

Espinoning rahbarlik lavozimiga tayinlanishi dengiz sohasida ayollarning yuqori rahbarlik vazifalariga ko‘tarilishi ramzi sifatida baholanmoqda. Panama kanali mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchlaridan biri bo‘lib, jahon dengiz savdosining qariyb 3 foizi shu yo‘lak orqali amalga oshiriladi.

Espinoning asosiy vazifalaridan biri kanal havzasidagi Indio daryosida suv ombori qurish loyihasini ilgari surish bo‘ladi. Qiymati 1,5 milliard dollarga baholanayotgan mazkur loyiha Panamadagi 4 million aholining qariyb yarmini ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda kanalning kelajakda barqaror ishlashini kafolatlashga qaratilgan.

Suv ombori loyihasi kanal 2016 yil iyunida kengaytirilganidan keyingi eng yirik tashabbuslardan biri hisoblanadi. Kengaytirish loyihasi qiymati 5,25 milliard dollardan oshgan. Rasmiylar yangi suv omborini 2031 yil oxiri yoki 2032 yilga qadar qurib bitkazishni rejalashtirmoqda.

Espinoning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad — suv ta’minoti muammosini hal qilish bilan birga, kanaldan foydalanuvchi xalqaro tashuvchilarning ishonchini saqlab qolish. Agar kemachilik kompaniyalari kanal kelajakda yetarli suv bilan ta’minlanishiga ishonmasa, yuk tashishning boshqa yo‘nalishlarini tanlashi mumkin.

Loyiha ayrim mahalliy jamoalarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Panama yana kam yog‘ingarchilik davriga duch kelayotgani uning ahamiyatini oshirmoqda. Avvalgi qurg‘oqchilik sababli kanal ma’muriyati Atlantika va Tinch okeanlari o‘rtasida har kuni harakatlanadigan kemalar sonini cheklashga majbur bo‘lgan.

Espino kanal ma’muriyatining sobiq rahbari Rikarte Vaskes davrida uning o‘rinbosari sifatida ishlagan. Shu bois u AQSh prezidenti Donald Trampning kanal bo‘yicha tanqidlari va tahdidlari kuchaygan davrda ham muhim lavozimda faoliyat yuritgan.

Tramp kanal ustidan Xitoy ta’siri kuchayganini ta’kidlab, AQShning dengiz tashuvi kompaniyalariga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘linayotganini da’vo qilgan va kanal ustidan nazoratni qayta tiklash bilan tahdid qilgan.

Espino esa o‘zining keyingi yetti yillik faoliyati davomida kanal ishini «samarali, betaraf va shaffof» tarzda tashkil etish asosiy vazifasi bo‘lishini aytdi. Uning ta’kidlashicha, diplomatik masalalar Panama davlati vakolatiga kiradi.

Kiritildi: 19:17 07.09.2026. O'qildi: 990 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!