Ma’lumotlarga ko‘ra, AZAL samolyotiga qarshi raketa uchirish buyrug‘ini 51-havo hujumidan mudofaa diviziyasi komandiri bergan. Nashr bu ma’lumot qayerdan olinganini ochiqlamagan. Hozircha boshqa manbalar bu xabarni tasdiqlagani yo‘q.
Minval'ning xabar berishicha, AZAL samolyotiga zarba bergan raketa uchirilgan vaqtda quyidagi harbiylar navbatchilikda bo‘lgan: 51-diviziya katta shturmani kapitan Dmitriy Pudovkin, Janubiy harbiy okrug shtabi operativ navbatchisi podpolkovnik Vladimir Yanovskiy va 4-gvardiya havo mudofaasi armiyasi boshqaruv punkti navbatchisi polkovnik Gennadiy Yeremenko.
Rossiyaning Astra nashri ma’lumotlar bazasidan sizib chiqqan hujjatlarga tayanib, Minval tilga olgan rossiyalik bu uch shaxs haqiqatdan ham Rossiya armiyasiga aloqador ekanini xabar qildi.
22 iyul kuni Minval Ozarboyjon yo‘lovchi samolyotiga hujum qilish buyrug‘ini 51-diviziya komandiri, general-mayor Aleksandr Tolopilo berganini yozgan edi. Nashrga ko‘ra, bu haqda ichki tekshiruv davomida podpolkovnik Nikolay Orlyanskiy aytgan. Aynan u Tolopilodan buyruq olib, Pudovkinga nishonni yo‘q qilish topshirig‘ini bergan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjonning AZAL aviakompaniyasiga tegishli Embraer E190 samolyoti 2024 yil 25 dekabrda Qozog‘istonning Oqtov shahrida halokatga uchragan edi. Samolyot Bokudan Grozniyga yo‘l olgan bo‘lib, Kavkaz mintaqasiga uyushtirilgan dron hujumlari vaqtida unga Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari raketasi bilan zarba berilgan. Keyinchalik samolyot Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonga yo‘naltirilgan edi. Halokat natijasida 38 kishi halok bo‘lgan edi.