Bugun 27 fevral, 2021 yil, shanba

КИР

«Oyoq-qo‘llarimni bog‘lab qo‘yib, zo‘rlashdi»: Farg‘onada 19 yoshli qizni o‘g‘irlab, bir oy davomida nomusiga tegishdi

«Oyoq-qo‘llarimni bog‘lab qo‘yib, zo‘rlashdi»: Farg‘onada 19 yoshli qizni o‘g‘irlab, bir oy davomida nomusiga tegishdi

Farg‘ona viloyati Quva tumanidaga kollejda o‘qiydigan 19 yoshli qiz 2020 yilning mart oyida o‘g‘irlab ketilganligini va bir oy davomida uch kishi tomonidan zo‘rlab kelinganini aytmoqda. «Daryo» nashrining surishtiruviga ko‘ra, IIB murojaatni o‘rganib, jinoyat alomati yo‘q deya xulosa qilgan va jinoyat ishi qo‘zg‘atmagan.

Zo‘rlanganini aytgan qiz, R.S. 2020 yilning 14 martida dugonasining uyiga bir hafta turish uchun Farg‘ona shahriga boradi. Shu orada karantin cheklovlari joriy etilgach, R.S. o‘sha yerda qolishga majbur bo‘ladi.

25 mart kuni dugonasi bilan yaqin oradagi do‘konga chiqqanida R.S.ga notanish bo‘lgan T.S. ismli shaxs qizlarni majburlab mashinasiga o‘tqazib, olib ketishga urinadi. Qizlardan biri qarshilik ko‘rsatib, mashinadan tushib, qochishga ulguradi.

«Dugonam o‘sha yerda qolib ketdi. Meni majburlab mashinada olib qoldi. Qarshilik ko‘rsatib, urushsam ham qo‘yib yubormadi. Nima uchun bunday qilyapsiz, qayoqqa olib ketyapsiz, dedim. „Sen qidiruvda ekansan, uyingga olib borib qo‘yaman“, deganidan keyin biroz xotirjam bo‘ldim. Quvaga kelgach, uyimga olib kelmasdan, temir yo‘l stansiyasi tomondagi domga olib borib, majburlab o‘sha uyga olib kirdi. Qarshilik ko‘rsatishga harakat qildim, lekin kuchim yetmadi. Qo‘llarim va og‘zimni bog‘lab qo‘yib, bir necha marta zo‘rladi. Ustimdan qulflab qo‘yib, o‘sha uyda bir oy olib o‘tirdi. Har ikki kunda majburlab, jinsiy aloqada bo‘lardi», — deydi R.S.

Qiz u erda yana ikki nafar yigit va bir ayol ham bo‘lganligini ta’kidladi. Uning aytishicha, T.S. qizni qo‘shnisi va do‘sti bilan ham jinsiy aloqa qilishga majburlagan. Qiz qarshilik ko‘rsatganda, uni urib, ko‘pchilik bo‘lib zo‘rlagan.

Qizni 2004 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan D.J. bilan ham jinsiy aloqa qilishga majburlashgan. T.S. ushbu holatlarni muntazam video va rasmga olgan. Qizga esa ushbu voqea haqida kimgadir aytsa, rasm va videolarni internetda tarqatishini aytib, qo‘rqitgan.

Bu holat bir oy davom etgan. Qizning telefoni olib qo‘yilgan va u qochib ketolmagan.

2020 yil 25 aprel kuni T.S. qizni ichki ishlar bo‘limiga olib kelgan. Uyga qaytgan R.S. qo‘rqqanidan bo‘lgan voqealarni hech kimga aytmagan. Lekin to‘rt-besh oy o‘tgach, qizning homilador ekanligi seziladi. Shundan so‘ng, qiz bor gapni ota-onasiga aytib bergan.

«Qizimning dugonasi qo‘ng‘iroq qilib, uni ikkita yigit majburlab mashinaga mindirib, olib ketganini aytdi. Keyin biz uni qidirishga tushdik. Ichki ishlarga murojaat qildik. Karantin bo‘lib qoldi, qizingizni topish qiyin bo‘lyapti, deb ancha vaqt paysalga solishdi. Bir oy deganda, ichki ishlar xodimlari qizimni uyga olib kelib berishdi. Nima bo‘lganini so‘rasak, aytishni xohlamadi», — deydi qizning otasi X.T.

U R.S.ning homiladorligi bilinganidan keyin va bo‘lib o‘tgan voqealar ayon bo‘lgandan keyin, qiziga hech kim yaxshi munosabatda bo‘lmaganligini aytadi.

«Qo‘ni-qo‘shni, qarindoshlar bizdan yuz o‘girishdi. Jahl ustida qizimni uydan haydab yubordim. Oradan bir oy o‘tib, qarindoshlarimiznikidan topib, uyga olib keldim. Nima qilay, farzandim ekan, achindim. 21 dekabr kuni qiz farzandli bo‘ldi. Boshimizga tushgan ishlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. O‘lib bo‘ldik», — deydi qizning otasi.

Qizning homiladorligi ma’lum bo‘lgach, uning yaqinlari bir necha marta prokuratura va ichki ishlar idoralariga, xalq qabulxonasiga murojaat qilgan.

Murojaatlar yuzasidan 2020 yilning 22 oktyabrida yuborilgan rasmiy javob xatida ta’kidlanishicha, mazkur holatda T.S. va voyaga yetmagan D.J.ning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan to‘plangan hujjatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan.

«Oyoq-qo‘llarimni bog‘lab qo‘yib, zo‘rlashdi»: Farg‘onada 19 yoshli qizni o‘g‘irlab, bir oy davomida nomusiga tegishdi

Foto: «Daryo»

Qizning yaqinlariga oilaviy va fuqarolik nizolar bo‘yicha da’vo bilan fuqarolik sudiga, otalikni belgilash va turmush qurish masalasida FHDYo organlariga murojaat qilishi, shuningdek, DNK tekshiruvi o‘tkazishi mumkinligi tushuntirilgan.

«Hamma aybni qizimizga yuklashdi. O‘zi xohlab shu ishlarni qilgan ekan. Ularga hech qanday chora ko‘rilmadi. Hech narsa bo‘lmagandek, bemalol yurishibdi. Hali kollejda o‘qiyotgan o‘quvchi qizni majburlab olib ketib, bir oy xohlagan ishini qilishlari jinoyat emasmi? Shuncha ishni qilganlar jazosini olishi kerakmi? Qizimning hayoti barbod bo‘ldi-ku. Kollejni ham tugata olmadi, diplomsiz qolib ketdi. Bizga ularning hech narsasi kerak emas. Bolasini ham o‘zim boqib olaman. Faqat aybdorlar jazosini olishi kerak», — deydi qizning otasi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasi ham holat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergan. Unda R.S.ni «zo‘rlik ishlatib nomusiga tegilganligi, olib ketilganligi va asossiz ushlab turilganligi haqidagi vajlari ekspertiza xulosasi, tushuntirish xatlari va ish yuzasidan to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topmagan"ligi ta’kidlanadi. «O‘rganish davomida tekshiruv jarayonini bevosita nazorat qilgan Quva tumani prokuraturasi xodimlari xatti-harakatlarida qonun buzilishi holati aniqlanmagan», — deyiladi prokuratura axborotida.

«Daryo» muxbiri R.S. yashagan MFY mas’ullari bilan ham suhbatlashgan. MFY raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saida Botirova R.S. 2020 yil yanvar oyida ham uyidan ruxsatsiz chiqib ketib, ancha vaqt topilmaganini aytadi. So‘ng qiz uyga olib kelinib, dalolatnoma tuziladi va otasidan tilxat yozdirib olinadi.

Mahalla mutasaddilari qiz farzandli bo‘lganda dori-darmonlar olib berishgan, uning oilasiga oziq-ovqat mahsulotlari va pul ham berilgan, deya xabar beradi «Daryo».

Kiritildi: 16:42 21.01.2021. O'qildi: 15308 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!