Yaqinda Yaponiya milliy arxivi imperator armiyasining Ikkinchi jahon urushi davrida bakteriologik qurol ustida ish olib borgan «731-otryad»ning 3,6 ming a’zolari faoliyatini oshkor qildi.
Taassuflar bo‘lsinki, mazkur bo‘lim tajribalar chog‘ida tirik insonlardan foydalangan. Ularning aksariyati xitoylik, sobiq ittifoq yoki koreys asirlar bo‘lgan. O‘zining 9 yillik mavjudligi davomida otryad 3 ming insonning boshiga yetgan, ya’ni deyarli har kuni bir bechora qiynalib jon taslim qilgan.
Tibbiyot fanlari professori Kasuo Nisiyama boshliq bir guruh olimlar «731-otryad» faoliyatini ommaga oshkor etish kelajakda yana shu kabi holat takrorlanishiga zamin yaratadi, degan fikrda edilar. Shu bois Yaponiya arxivi uni sir saqlab keldi.
Mazkur ishning ochilishi yuzasidan muhokamalar ikki yilga cho‘zildi. Natijada «731-otryad»ning 3607 ta a’zosi ism-sharifi va manzillari e’lon qilindi. Ular orasida 52 ta jarroh, 38 ta hamshira, 49 ta injener hamda 1117 ta harbiy shifokor bo‘lgan.
O‘lim fabrikasi
Yuqoridagi otryadning chirkin ishlari asosida yapon tadqiqotchisi Morimura Seyita o‘zining «Iblis oshxonasi» nomli kitobini yozgan. Uning mundarijasi shu qadar dahshatliki, so‘z boshida muallif o‘quvchilarni butun insoniyatga bo‘lgan ishonchi yo‘qolishidan ogohlantiradi.
Bakteriologik qurol yaratish g‘oyasi Yaponiya imperiyasining xayoliga 1920-yillarda kelgandi. O‘shanda mamlakat shiddat bilan o‘sib borayotgandi. AQSh va Buyuk Britaniyadagi raqiblarini yo‘q qilish va sobiq ittifoqdagi fuqarolik urushidan so‘ng samarali qurol yaratishga ehtiyoj tug‘ildi. Uni yaratish uchun yapon mikrobiologi Siro Isii taklif qilindi.
30-yillarning boshida Isii Yevropaning taniqli bakteriologik laboratoriyalariga sayohat uyushtirdi. Safar natijalariga asoslangan hisobotida olim biologik qurol imperiyaga aql bovar qilmas ustunlik berishini ta’kidladi.
«Artilleriya snaryadlaridan farqli o‘laroq u insonlarni bir zumda o‘ldirmaydi, biroq biz yaratgan bakteriyalar ortiqcha shovqin-suronsiz tirik organizm va hayvonlar tanasiga kirib olib, sekin, ammo og‘riqli o‘limni keltirib chiqaradi. Buning uchun kiyim-kechak, kosmetika, oziq-ovqat mahsulotlari hamda ichimliklar, so‘yib yeyiladigan hayvonlarga shu bakteriyalarni yuqtirishning o‘zi kifoya. Hatto ayrim bakteriyalarni havoda tarqatish ham mumkin», — deb yozgan edi Isii.
Hisobot yapon harbiy rahbariyatini rom qila oldi va 1932 yilda harbiy vazir Sadao Araki biologik qurol ishlab chiqarish yuzasidan tadqiqot olib borishga ruxsat berdi. Laboratoriyani qurish ishlari yaponlar tomonidan bosib olingan Manchjuriyadan 20 km shimolda, Xarbin viloyatida boshlab yuborildi. Otryad boshlig‘i etib Siro Isii tayinlandi. Olim eng zo‘r Yaponiya universitetlarining ko‘zga ko‘ringan bitiruvchilarini tanlab oldi. Kompleks rasmiy ravishda Kvantun armiyasini suv bilan ta’minlash bosh boshqarmasi deb nomlandi. Mazkur bo‘lim kuratori etib 1940 yilda shahzoda Takeda tayinlandi.
Homilador ayol va bolalar ustida o‘tkazilgan tajribalar
Komplekdagi asosiy ishlar 1936 yilda boshlab yuborildi va shu bilan 1945 yilgacha davom etdi. O‘zining 9 yillik faoliyati davomida otryad juda ko‘plab tirik insonlar ustida vahshiyona tajribalar o‘tkazdi. Buning uchun tajriba ostidagilarga goh kasallik yuqtirib, simptomlarini kuzatishsa, gohida ularning ayrim a’zolarini kesishgan. Bularning barchasi og‘riqsizlantiruvchi muolajalarsiz amalga oshirilgan: ularning fikricha, bu tajribaning sofligiga xalaqit berarmish. Asirning hayotini quvvatlantiruvchi terapiya saqlab turgan.
Otryadda asirlarni «to‘nka» deb atashgan. Har bir kasallikning rivojlanish bosqichlarini hujjatlashtirish uchun proseduralarga rassomlar taklif qilingan. Oq-qora fotolar tadqiqotchilarni qoniqtirmagani tufayli ular har bir organdagi o‘zgarishlarni qog‘ozga muhrlab borishgan.
«731-otryad»ning maxsus bo‘limi inson organizmi irodasini o‘rganishga mo‘ljallangan. Asirlarning qo‘l va oyoqlari kesilgan, tirik odamni muzlatib yoki yoqib ko‘rishgan. Qorason qanday rivojlanishini kuzatish uchun esa ularni alohida barokameralarga qamab, jon talvasasida nimalar qilishiga e’tibor qaratishgan. Mazkur tajribalar hatto bolalar va homilador ayollarda ham o‘tkazilgan. Hatto ayrim chirkin kuzatuvlar homilador ayollarning tug‘ilmagan homilasida ham olib borilgan. Odamlarning hayotiy muhim organlari — ichakdan tortib miyagacha judo qilib, bunga qanday dosh berishini kuzatish ularning sevimli mashg‘uloti bo‘lgan.
«Tajriba quyoncha»lari xususida
Tajribalar chog‘ida mo‘’jiza tufayligina omon qolgan insonlarni yana va yana zararlashgan. Tadqiqot ostidagilarning hech biri kompleks sarhadidan tirik chiqib keta olmagan. Qurbonlarning aniq miqdori ma’lum emas, biroq ularni taxminan 3 mingta deb baholash mumkin. 70 foiz «tajriba quyonlari» xitoylik, 30 foizi sobiq ittifoq fuqarolari, qolganlar esa koreys, manchjur, mo‘g‘ul, amerikalik, britaniyalik hamda avstraliyalik bo‘lgan.
«731-otryad» tajribadan o‘tkazgan kasalliklar orasida Sibir o‘lati, qora chechak hamda botulizm ham bo‘lgan. O‘z tadqiqotlari davrida guruh a’zolari odatdagidan 60 barobar kuchliroq o‘latni yaratishgan, degan taxminlar ham yuradi.
Bakteriologik qurol ishlatilganmi?
Otryad faoliyati faqat laboratoriya tekshiruvlari bilan cheklanib qolmagan. Bakteriologik qurolni yaponlar xitoyliklarga qarshi qo‘llab ko‘rishgan. Xitoylik partizanlar va front orti piyoda askarlariga ichterlama kasalligi yuqtirilgan. «731-otryad» o‘zining qator operasiyalari bilan yapon armiyasi minnatdorchiligiga sazovor bo‘lgan. Hatto sobiq ittifoq bilan urush yuzaga kelsa, bakteriologik qurolni unga qarshi qo‘llab ko‘rishni o‘ylab qolishgandi: o‘shanda Xabarovsk, Blagoveshensk, Chita shaharlarini zararlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, AQSh hududini ham yapon harbiy qo‘shini osmondan turib zaharlashni ko‘zlagandi.
Bu harakatlarga premyer-ministr Xideki Todzio qarshi chiqdi. Siyosatdon urush boy berilganini yaxshi tushunib, amerikaliklar qasosidan xavfsiradi.
Qasos vaqti keldi
Vahshiylar otryadi o‘z faoliyatini 1945 yil 9 avgustda, sobiq ittifoq harbiylari Manchjuriyaga kirib kelgan va Nagasakiga ikkinchi atom bombasi tushganidan so‘ng to‘xtatdi. Yuqoridan otryadning mavjudligini isbotlaydigan barcha dalillarni yo‘q qilish yuzasidan topshiriq olindi. Tibbiy xodimlar, aniqrog‘i, qassoblar evakuasiya qilindi, hujjat hamda tajriba ostidagilar yo‘q qilindi. Laboratoriya hududini portlatishdi. Qizil armiya shiddat bilan kirib kelgani hisobiga hujjatlarning aksariyati hamda bir nechta ofiserlar qo‘lga olindi. Siro Isii o‘zini ozod qilishlari hisobiga muhim materiallarni amerikaliklarga topshirishga rozi bo‘ldi.
Amerika harbiylariga taqdim etilgan ma’lumotlar haligacha sirligicha qolmoqda. Amerikliklar qo‘liga asir tushgan «731-otryad»ning birorta a’zosi Tokio tribunalida sud qilinmadi. Tadqiqotlarni boshqargan shahzoda Takeda ham jazosiz qoldi.
Otryadning sobiq ittifoq harbiylari qo‘liga tushganlari esa 1949 yil Xabarovsk tribunaliga tortilib, 2 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, asir tushgan yaponlar o‘z tadqiqotlari natijasini sobiq ittifoq mutaxassislari bilan ham o‘rtoqlashishgan.
Siro Isii qayerda?
Siro Isii general-leytenant maqomiga ega bo‘lib, 1959 yilda Yaponiyada vafot etdi. Ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, u amerikaliklar bilan hamkorlik olib borib, tadqiqotlarini keyin ham davom ettirgan. Uning o‘rinbosari Masaxi Kitano esa urushdan so‘ng yapon «Yashil xoch» farmasevtika kompaniyasida ishlab, urush yillaridagi faoliyati xususida hech kimga churq etib og‘iz ochmadi. Faqat otryadning bir guruh ofiser hamda a’zolarigina umrlari so‘nggida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishdi. Ularning xotiralari asosida esa Morimura Seyiti o‘z kitobini yozib tugallagan.