— Uch farzandim bilan turmushimdan ajrashdim. Ularga aliment olish uchun qayerga murojaat qilay? Bolalarimning otasi rasman hech joyda ishlamaydi, lekin tadbirkor, yaxshi pul topadi. Aliment kam to‘lashi uchun hamma mol-mulkini boshqalarning nomiga rasmiylashtirib qo‘yibdi. Qaynotam birinchi guruh nogironi. Bu ham aliment kam to‘lashiga sabab bo‘loladimi? Farzandlarim kichikligi uchun hech joyda ishlay olmayapman. Ona ta’minoti ham undirolamanmi?
Ismi sir tutildi
Farhod SHARIPOV, fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudining sudyasi:
QAYERGA MUROJAAT ETISHI KERAK?
— Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, aliment talab qilish huquqi vujudga kelganidan so‘ng qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir.
Demak, siz ham voyaga yetmagan bolalaringiz uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqlisiz. Arizangiz buyruq tartibida ish yuritish tarzida ko‘rib chiqiladi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab, uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
KAMAYTIRISh TO‘G‘RISIDA DA’VO TAQDIM ETILADI
— Oila kodeksining 115-moddasiga ko‘ra, boshqa-boshqa ota-onadan tug‘ilgan voyaga yetmagan bolalar uchun sudning bir necha hal qiluv qarorlariga asosan, bir ota yoki onadan undirilayotgan alimentning umumiy miqdori ushbu Kodeksning 99-moddasida nazarda tutilgan miqdordan oshib ketsa, aliment to‘lovchi ota (ona) aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i kimning foydasiga chiqqan bo‘lsa, o‘sha shaxslarning har biriga nisbatan alimentning miqdorini tegishincha kamaytirish to‘g‘risida da’vo taqdim etishi mumkin.
Bundan tashqari, taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq aliment qarzini to‘lashdan ozod qilish yoki uni kamaytirishga taraflarning o‘zaro roziligi bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lanadigan hollar bundan mustasno.
Agar sud aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs kasalligi yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra, aliment to‘lamaganligini aniqlasa hamda uning moddiy va oilaviy ahvoli yig‘ilgan aliment qarzni to‘lashga imkon bermaydi, deb topsa, aliment to‘lovchining da’vosiga binoan uni aliment qarzlarini to‘lashdan to‘la yoki qisman ozod etishga haqlidir.
QAT’IY SUMMADA BELGILANADI, BIROQ...
— Oila kodeksining 117-moddasiga ko‘ra, er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh tortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan e’tiboran uch yil davomida, o‘rtadagi nogironligi bo‘lgan bolani u o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar parvarishlashni yoki bolalikdan I guruh nogironligi bo‘lgan o‘rtadagi bolani parvarishlashni amalga oshirgan, yordamga muhtoj bo‘lgan er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotindan (erdan) sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.
Mazkur kodeksning 119-moddasiga asosan, er-xotin (sobiq er-xotin) o‘rtasida aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lmagan hollarda er yoki xotinga (sobiq er yoki xotinga) sud tartibida undirib beriladigan aliment miqdori sud tomonidan er yoki xotinning (sobiq er yoki xotinning) moddiy va oilaviy ahvolini hamda taraflarning e’tiborga loyiq boshqa manfaatlarini inobatga olib, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi, biroq bu summa qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 11,75 foizidan kam bo‘lmasligi lozim.