Amerika kinosan’at akademiyasi 10 yo‘nalishda «Oskar» mukofotiga nomzodlarning qisqartirilgan ro‘yxatini e’lon qildi.
«Eng yaxshi xorijiy badiiy film» nominasiyasiga 15 ta kinoasar kiritildi, ular orasida, jumladan, «Men hali shu yerdaman» (Braziliya, rej: Uolter Sallers); «Emiliya Peres» (Fransiya, rej: Jak Odiar); «Ignali qiz» (Daniya, rej: Magnus fon Xorn), «To‘lqinlar» (Chexiya, Irji Madl) filmlari hamda Islandiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Latviya, Norvegiya, Falastin va Tailand kinoustalari taqdim etgan ishlar bor.
«Eng yaxshi musiqa» nominasiyasiga «Nomzodlar», «Konklav», «Yovvoyi robot», «Bitljus Bitljus» va «Boshqotirma-2» da’vogarlik qilmoqda.
«Eng yaxshi hujjatli film» nominasiyasida short-listga «Qora quti kundaliklari», «Dagomeya», «Frida», «Gollivudgeyt» va «Chinni urushi» kiritildi.
Shuningdek, «Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film», «Eng yaxshi grim va soch turmagi», «Eng yaxshi qo‘shiq», «Eng yaxshi qisqa metrajli multfilm», «Eng yaxshi qisqa metrajli badiiy film», «Eng yaxshi ovoz» va «Eng yaxshi vizual effektlar» nominasiyalarida «Oskar»ga nomzodlar ro‘yxati e’lon qilindi.
«Oskar» mukofoti jami 23 nominasiyada taqdim etiladi, tez orada boshqa nominantlarni ham bilib olamiz.
«Oskar» mukofotlarini tantanali topshirishga bag‘ishlangan 97-marosim 2025 yilning 2 martida bo‘lib o‘tadi.