Bugun 18 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Osiyo o‘yinlariga to‘fon xavf solmoqda

Osiyo o‘yinlariga to‘fon xavf solmoqda

Yaponiyada o‘tkaziladigan XX Osiyo o‘yinlari tashkilotchilari musobaqaning dastlabki kunlarida kuzatilishi mumkin bo‘lgan noqulay ob-havoga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, 21 sentyabr kuni Aichi-Nagoya hududiga yaqinlashishi kutilayotgan "Dujuan" to‘foni musobaqalar taqvimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, Yaponiyaning Tinch okeani qirg‘oqlari yaqinida shakllangan bo‘ron shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda, Nagoya joylashgan markaziy mintaqa tomon harakatlanmoqda. Uning doimiy shamol tezligi soatiga 90 kilometr atrofida bo‘lib, ayrim paytlarda 126 km/soatgacha kuchayishi prognoz qilinmoqda.

Yaponiya Olimpiya qo‘mitasi ijroiya kengashi a’zosi hamda mamlakat delegasiyasi rahbari Kosey Inoue vaziyat nazoratda ekanini ma’lum qildi.

"Kuchli yomg‘ir va noqulay ob-havo sabab ayrim musobaqalar allaqachon kechiktirildi yoki boshqa vaqtga qoldirildi. 21 sentyabr kuni to‘fon mintaqaga yanada yaqinlashishi mumkin. Kutilmagan vaziyatlarga tayyor turish va zarur choralarni ko‘rish maqsadida mutaxassislar bilan yig‘ilishlar o‘tkazyapmiz", dedi Inoue.

O‘tgan haftada ham Nagoya va unga yaqin hududlarda kuchli yomg‘ir kuzatilgan edi. Oqibatda maktablar vaqtincha yopilgan, poyezdlar qatnovi to‘xtatilgan va bir necha yuz nafar sportchi yashash joylaridan evakuasiya qilingan.

Ma’lumot uchun, XX Osiyo o‘yinlari 19 sentyabrdan 4 oktyabrga qadar Yaponiyaning Aichi-Nagoya hududida bo‘lib o‘tadi. Rasmiy ochilish marosimi 19 sentyabrga belgilangan. Shu bilan birga, futbol, basketbol va voleybol kabi ayrim jamoaviy sport turlaridagi musobaqalar allaqachon boshlangan.

Turnirda Osiyo Olimpiya kengashiga a’zo 45 ta Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Sportchilar 43 ta sport turining 70 ta yo‘nalishida 468 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.

5-Paraosiyo o‘yinlari esa 18–24 oktyabr kunlari Aichi-Nagoyada o‘tkaziladi.

Kiritildi: 23:43 17.09.2026. O'qildi: 325 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!