Yaponiyada o‘tkazilgan Aichi–Nagoya-2026 XX yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegasiyasi Toshkentda tantanali kutib olindi.
19 sentyabrdan 4 oktyabrga qadar davom etgan musobaqada mamlakat sharafini himoya qilgan sportchilarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida hukumat vakillari, mutasaddilar hamda ularning yaqinlari qarshi oldi.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida Bosh vazir sportchilarni Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan natijalar bilan tabrikladi hamda ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigini o‘qib eshittirdi.
Sportchilar nomidan so‘zga chiqqan Osiyo o‘yinlari chempionlari To‘rabek Habibullayev va Barnoxon Sayfullayeva mamlakatda sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ularga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
Aichi–Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegasiyasi 42 ta sport turida ishtirok etdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchilar jami 70 ta medal — 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza sovrinini qo‘lga kiritdi.
Ushbu natija bilan O‘zbekiston 45 mamlakat ishtirok etgan umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egalladi.