Bugun 13 may, 2025 yil, seshanba

КИР

Orol muammosini hal qilishda ekologik ta’limni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi

Orol muammosini hal qilishda ekologik ta’limni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi

Xalqaro Orol turizmi haftaligi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘z faoliyatini mintaqani tiklash va barqaror rivojlantirish muammolariga bag‘ishlagan yetakchi mutaxassis va olimlarni jamlagan “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada bir qator xorijlik mutaxassislar Orol dengizining ekologik vaziyatini yaxshilash borasidagi ma’ruza va tadqiqot ishlarini taqdim etishdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Nodira Mustafoyeva Orol dengizi fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha harakatlar 2017 yildan sezilarli darajada kuchayganini aytib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, 2017 yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida nutq so‘zlab, Orol dengizi fojiasini xarita yordamida ko‘rsatib berdi va dengizning qurishi bilan bog‘liq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi sa’y-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganini ta’kidladi.

Nodira Mustafoyeva, shuningdek, 2018 yilda Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirni ham alohida qayd etdi. Bundan tashqari, boshqa bir qancha tadbirlar, xususan, 2023 yilning 13–17 noyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC 21), 2025 yilning 4–5 aprel kunlari o‘tkazilgan Samarqand Iqlim Forumi va boshqa xalqaro tadbirlarda Orol muammosi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi.

Konferensiyada "Green University"ning ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘qituvchisi hamda ilmiy xodim Anna-Sharlotta Markombe "Atrof-muhitni boshqarish bo‘yicha ta’lim" tadqiqot ishini namoyish qildi. Unda Orol dengizi misolida olib borilgan tadqiqot talabalar uchun atrof-muhitga yetkazilgan zararni amalda qanday hal qilishni tushunishga qanday yordam berishiga e’tibor qaratildi. Natijada talabalar Orol muammosi borasida "zarar yetkazilishining sabablari", "iqtisodiy jihatlar", "atrof-muhitga ta’sir" va "sog‘liq bilan bog‘liq muammolar" borasidagi mavzularni yaxshi o‘zlashtirgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur tadqiqot ishi ekologik muammolarni va ularning sabablarini chuqur o‘rganish, bevosita va bilvosita oqibatlarni aniqlash, ko‘p tomonli yondashuvni qo‘llash, barcha manfaatdor tomonlarni ro‘yxatga kiritish, turli nuqtai nazarlar va manfaatlarni belgilab olish, mavjud an’anaviy va falsafiy fikrlashdan voz kechish, joriy loyihalarni tahlil qilish, kelajak uchun barqaror muhokamani yo‘lga qo‘yish, talabalarning Orol dengizi kelajagi haqida qanday tasavvurda ekanligini aniqlashga imkon beradi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda "Green University"da talabalarga aynan xorijlik mutaxassislar tomonidan ham ta’lim berilmoqda va bu yoshlarning yekologiya borasida bilimlari yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Tabiiy fanlar instituti katta ilmiy xodimi Gulara Matekova Janubiy Orolbo‘yi hududidagi Sudochye ko‘li ornitofaunasiga e’tibor qaratdi.

Ma’lumot uchun, Sudochye ko‘li noyob qush turlarining ko‘pchiligi mavjud bo‘lganligi bois 2007 yildayoq O‘zbekistonning muhim ornitologik hududlari (IBA) ro‘yxatiga kiritilgan. Hudud ornitofaunasida qushlarning 240 turi mavjud bo‘lib, ularning 117 turi shu joyda uya quradi. Bu yerda pushti saqoqush, jingalak saqoqush, kichik qoravoy, kichik oq qarqara, sariq qarqara, qoshiqburun, flamingo, vishildoq oqqush, baqiroq oqqush, chinqiroq g‘oz, qiziltomoq kazarka, marmar churrak, oqko‘z, oqbosh o‘rdak, suvqiyg‘ir, oq dumli suvburgut, uzundumli suvburgut, qora tasqara, dasht bo‘ktargisi, burgut, cho‘l jiqtog‘i, qoraboshli baliqchi kabi O‘zbekiston Qizil kitobi va TMXI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan noyob va yo‘qolib borayotgan qushlarni uchratish mumkin.

Mutaxassis Sudochye ko‘llar tizimi Amudaryo deltasining eng yaxshi holda saqlanib qolgan ekologik zonalardan biri bo‘lib, o‘z joylashuv o‘rniga ko‘ra biologik xilma-xillikni saqlash va qo‘llab-quvvatlashda asosiy o‘rinni egallashini ta’kidladi.

Kiritildi: 16:59 21.04.2025. O'qildi: 894 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!