Budapesht Kiyevdan "Drujba" quvuri orqali neft yetkazib berishni qayta tiklash bo‘yicha siyosiy qaror kutmoqda.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida yozdi.
"Faktlar o‘jar narsa: Drujba quvuri orqali Vengriyaga neft yetkazib berishni qayta tiklashda hech qanday texnik to‘siqlar yo‘q. Bu Ukrainadan faqat siyosiy qaror talab qiladi", deb yozgan Orban Yevropa Ittifoqi Kengashi Prezidenti Antoniu Koshtaga yo‘llagan murojaatida.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainaning harakatlari 2026 yil aprel oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarida Vengriya hukumatini ag‘darishga va Budapeshtdagi siyosiy rahbariyatni Kiyevga sodiq rahbar bilan almashtirishga qaratilgan.
Orban shuningdek, hozirgi vaziyatni "bema’ni" deb atadi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Yevropa Ittifoqi qarorlarini qo‘llab-quvvatlashni istamasligini bildirdi.
"Ular [Ukraina rahbariyati] "normal holatga" qaytmaguncha, men Ukraina uchun foydali bo‘lgan hech qanday qarorni qo‘llab-quvvatlay olmayman", deb yozgan Vengriya Bosh vaziri.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganining to‘rt yilligi munosabati bilan so‘zlagan Orban, Vengriya Sharqiy Yevropada tinchlikni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Vengriya rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 27 yanvardan beri "Drujba" quvuri orqali neft oqmayapti.