Bugun 23 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Onlayn ish va’da qilib, fuqarolardan millionlab pul undirgan firibgarlar fosh etildi

Onlayn ish va’da qilib, fuqarolardan millionlab pul undirgan firibgarlar fosh etildi

Ular 3,5 million so‘m to‘lov evaziga onlayn ishga qabul qilinish va har hafta haq olish va’dasi bilan odamlarni firibgarlik sxemasiga jalb etishgan.

O‘zbekistonda onlayn ish takliflari orqali amalga oshirilayotgan navbatdagi firibgarlik holati fosh etildi. Kiberxavfsizlik markazining UZCERT xizmati tomonidan olib borilgan o‘rganishlar va fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida «Pioneer Global Media LTD» nomi ostida faoliyat yuritgan firibgarlar aniqlangan.

Sxema qanday ishlagan?

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxslar fuqarolarga internet orqali ish taklif qilish bahonasida, go‘yoki har hafta muntazam daromad olish mumkinligini va’da qilib kelgan. Onlayn ishga qabul qilish sharti sifatida esa kamida 3 million 500 ming so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirish talab qilingan. Ushbu mablag‘lar aldov yo‘li bilan undirilgani aniqlangan.

O‘rganishlar davomida respublikadagi bir nechta viloyatlarda Telegram messenjerida «Pioneer Global Media LTD», qisqacha PGM, nomi ostida maxfiy guruhlar tashkil etilgani ma’lum bo‘lgan. Bu guruhlarga faqat administratorlar tomonidan tasdiqlangan foydalanuvchilargina qo‘shilishi mumkin bo‘lgan.

Firibgarlik sxemasiga ko‘ra, to‘lovni amalga oshirgan shaxslarga onlayn ishga qabul qilingani aytilgan va ma’lum topshiriqlarni bajarganidan so‘ng har hafta haq to‘lab berilishi va’da qilingan. Shu bilan birga, ishtirokchilarga o‘z tanishlarini taklif qilish orqali qo‘shimcha daromad topish imkoniyati taklif etilgan. Agar taklif havolasi orqali boshqa fuqarolar ham to‘lov qilsa, mablag‘ning 10 foizi mukofot sifatida va’da qilingan.

«Mazkur holatlar moliyaviy piramida va firibgarlik alomatlariga ega bo‘lib, fuqarolardan bunday takliflarga ishonmaslik, shubhali guruhlar va shaxslarga pul o‘tkazmaslik qat’iy tavsiya etiladi», — deyiladi xabarda.

Kiritildi: 21:13 22.01.2026. O'qildi: 200 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!