Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

Ommaviy ish tashlash tufayli Parijdagi Eyfel minorasi yopildi, Luvr muzeyida cheklovlar joriy etildi

Ommaviy ish tashlash tufayli Parijdagi Eyfel minorasi yopildi, Luvr muzeyida cheklovlar joriy etildi

5 noyabr kuni Fransiyada minglab odamlar kasaba uyushmalari chaqirig‘i bilan ish tashlash uyushtirdi hamda namoyishga chiqdi. Ular ish haqini oshirish va aholining xarid qobiliyatini yaxshilashni talab qilmoqda. Namoyishlarga talabalar va maktab o‘quvchilari ham qo‘shildi.

Umummilliy ish tashlash sabab Parijdagi Eyfel minorasi tashrif buyuruvchilar uchun yopildi. Bu haqda minoraning rasmiy saytida xabar berildi. Elektron chipta sotib olgan mehmonlardan elektron pochtalarini tekshirish so‘ralgan. Le Parisien ma’lumotlariga ko‘ra, Luvr muzeyining ayrim zallari ham vaqtincha yopilgan.

Kasaba uyushmalari noyabr oyida mamlakat bo‘ylab 250 dan ortiq namoyish o‘tkazishni rejalashtirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim shaharlarda namoyishchilar va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz bergani, tartibni saqlash kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Fransiyada yashash xarajatlarining oshishiga qarshi norozilik namoyishlari bir necha haftadan beri davom etmoqda. Ular sentyabr oyida yuqori sinf o‘quvchilarining aksiyalari bilan boshlanib, oktyabrda ko‘cha tartibsizliklariga aylangan.

Kiritildi: 11:47 06.11.2026. O'qildi: 695 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik