"Oltinning birjadagi narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4400 dollardan oshib, navbatdagi rekordni yangiladi. 22 dekabr kuni oltinning spot narxi 4420 ga yetdi, shundan so‘ng u biroz pasaydi. Yil boshidan buyon oltin 68 foizdan ko‘proqqa qimmatlashdi, bu 1979 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich", deya xabar bermoqda nashr.
"Kumush va platina kabi boshqa qimmatbaho metallar narxi ham oshdi. Bugun kumush narxi bir unsiya uchun rekord darajaga yetdi — 69,44 dollar, platina esa 17 yillik eng yuqori ko‘rsatkichni yangiladi — 2072,01 dollar", deb yozmoqda Reuters.
Bloomberg'ning qayd etishicha, narxlarning oshishi geosiyosiy keskinlikning kuchayishi va AQSh Federal zaxira tizimi (FZT) foiz stavkalarini pasaytirishda davom etishi kutilmalari fonida sodir bo‘ldi. Treyderlar FZT 2026 yilda stavkalarni ikki marta pasaytirishini kutishmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp ham pul-kredit siyosatini yumshatish tarafdori.
Goldman Sachs banki tahliliga ko‘ra, oltinga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlovchi yana bir omil iqtisodiy turbulentlikka qarshi turish, AQSh dollariga qaramlikni kamaytirish va portfellarni diversifikasiya qilish uchun butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar tomonidan o‘zlarining jismoniy oltin zaxiralarini to‘ldirishdir.
Tahlilchilar bu tendensiya 2026 yilda ham davom etishini taxmin qilmoqda. Narxlarga AQSh dollarining zaiflashishi ham ta’sir ko‘rsatdi, bu esa chet ellik xaridorlar uchun metallni arzonlashtirdi.