Qozog‘istonning Olmaota shahrida yangi futbol stadioni barpo etiladigan hududda dastlabki tayyorgarlik va muhandislik ishlari boshlandi.
«Tengrinews.kz» nashrining ma’lum qilishicha, 45 ming tomoshabinga mo‘ljallangan mazkur arena foydalanishga topshirilgach, Qozog‘istondagi eng yirik sport inshootiga aylanadi.
Qariyb 32 gektar maydonni egallaydigan majmua hududida asosiy va mashg‘ulot maydonlari, jamoalar va rasmiylar uchun xizmat xonalari hamda tomoshabinlar uchun qulay infratuzilma zonalarini qurish rejalashtirilgan. Hozirda mutaxassislar hududning seysmik va geologik xususiyatlarini inobatga olgan holda tuproq tarkibini o‘rganmoqda.
Olmaota shahri qurilish boshqarmasi loyihalash bo‘limi rahbari Sirim Turlibining ta’kidlashicha, obektning poydevor sinovlari o‘tkazilmoqda:
"Hozirgi vaqtda bino poydevori uchun sinov tariqasida qoziqlar (svayalar) tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayon yakunlangach, zarur bo‘ladigan tayanch konstruksiyalarining aniq hajmi belgilanadi. Stadionning eskiz loyihasi UYEFAning eng yuqori — 4-toifasi talablariga hamda Qozog‘iston futbol federasiyasining texnik topshirig‘iga to‘liq mos ravishda ishlab chiqilgan".
Shahar hokimligining bildirishicha, inshootni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari loyiha-smeta hujjatlari to‘liq tasdiqlangach e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun: Avvalroq «Yangi Toshkent» hududida ham 55 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi zamonaviy stadion barpo etilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu majmua O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 2027-yilgi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionati (FIFA U-20) uchrashuvlarini qabul qilishi kutilmoqda.