Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga kirish test sinovlari Yunusobod tumanidagi oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasida o‘tkazilib, unda 1000 dan ortiq nomzod ishtirok etdi. Mudofaa vaziriligi tizimidagi oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun jami 3000 dan ortiq test topshiruvchi o‘z bilimini sinab ko‘rdi.
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 26 mayda «O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori bilan joriy etilgan yangicha tartibga asosan, «O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risida»gi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgandi.
Mudofaa vazirligi tomonidan vazirlikning oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash yagona tanlov asosida, kirish test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plangan ballarga muvofiq, amalga oshiriladi. Shuningdek, Mudofaa vazirligining oliy harbiy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan test sinovlari natijalari ballar pasayishi tartibida, ta’lim muassasalari bo‘yicha ajratilmasdan bitta «vedomost»da taqdim etiladi. Bu — oliy harbiy ta’lim muassasalariga faqat eng munosib nomzodni saralab olishda muhim omil hisoblanadi.
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
«Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bu yilgi test sinovlari katta sig‘imli sport majmualarida o‘tkazilmoqda. Bu sinovlarning oshkoraligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Test sinovlari o‘tkazilayotgan mazkur inshootlariga 24 stasionar va ikkita 360 darajaga aylanuvchi kamera o‘rnatilgan bo‘lib, onlayn kuzatuv ham amalga oshirilmoqda. Kursantlikka nomzodlar uch soatu yigirma daqiqa vaqt ichida har biri 36 savoldan iborat to‘rtta fan bo‘yicha test topshiradilar. Natijalarni 6 iyul kuni e’lon qilish rejalashtirilgan», — deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bo‘lim mudiri o‘rinbosari Davronbek Serjanov.
Manba: daryo.uz