Bugun 15 mart, 2025 yil, shanba

КИР

Oiladagi zo‘ravonliklarning har qanday shakliga qarshimiz

Oiladagi zo‘ravonliklarning har qanday shakliga qarshimiz

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyatida inson va uning manfaatlari ustuvor hisoblanadi, ko‘zlangan maqsadga erishishda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan oilaning o‘rni ­esa beqiyosdir.

Jamiyatdagi har qanday illatga qarshi kurashni oiladan boshlasakkina uni ildizi bilan quritish mumkin. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 63-moddasida muvofiq, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega.

Konstitusiyaning 26-moddasida esa, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurash, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 2019 yil 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” Qonuni qabul qilindi.

O‘zbekistonda xotin-qizlar va bolalarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga katta e’tibor qaratilayotgan, onalik va bolalikni himoya qilish uchun keng ko‘lamli ishlar qilinayotgan bir vaqtda, mazkur sohadagi ishlar tahlili oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashda qator kamchilik va to‘siqlar ham mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Xo‘sh mazkur to‘siqlar nimalardan iborat? Nega bu to‘siqlar paydo bo‘lmoqda yoki bartaraf etilmayapti?

Avvalo mazkur savollarga javob topishdan oldin oiladagi zo‘ravonlik nima ekanligini tushunib olishimiz lozim. Chunki yuqoridagi holatlarning barchasi aynan mazkur ijtimoiy xavfli qilmish bilan chambarchas bog‘liq.

Zo‘ravonlik xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari hamda erkinliklariga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakat (harakatsizlik).

Jismoniy zo‘ravonlik xotin-qizlarga nisbatan og‘irligi turli darajada bo‘lgan tan jarohatlari yetkazish, xavf ostida qoldirish, hayoti xavf ostida qolgan shaxsga yordam ko‘rsatmaslik, zo‘ravonlik xususiyatiga ega boshqa huquqbuzarliklar sodir etish, jismoniy ta’sir o‘tkazish yoki bunday ta’sir o‘tkazishning o‘zga choralarini qo‘llash bilan tahdid qilish orqali xotin-qizlarning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi hamda qonun bilan himoya qilinadigan boshqa huquqlari va erkinliklariga tajovuz qiladigan zo‘ravonlik shaklidir.

Ruhiy zo‘ravonlik xotin-qizlarni haqoratlash, ularga tuhmat qilish, tahdid qilish, ularning sha’nini, qadr-qimmatini kamsitish, shuningdek ularning xohish-irodasini cheklashga qaratilgan boshqa harakatlarda ifodalanadigan zo‘ravonlik shakli, shu jumladan reproduktiv sohada nazorat qilish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchida o‘z xavfsizligi uchun xavotir uyg‘otgan, o‘zini himoya qila olmaslikka olib kelgan yoki ruhiy sog‘lig‘iga zarar yetkazgan harakat (harakatsizlik) da nomoyon bo‘ladi.

Oiladagi zo‘ravonlik — bu o‘zlarining yaqinlari (asosan ayollar va bolalar) ustidan hukmronlik va nazorat qilish maqsadida, odatda aynan bir shaxsga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘rlik qilishda namoyon bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, ayrim hollarda zo‘ravonning jismoniy va ruhiy zo‘rligi natijasida xotin-qizlar tomonidan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etishi hollari ham kuzatilmoqda.

Insonning har qanday qilimishi har doim ongli va aql-irodasi bilan sodir etiladi. Shuning uchun o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan yoki harakatlarinii boshqara olmagan shaxsning harakatlari, hatto ijtimoiy-xavfli oqibatlarga olib kelgan taqdirda ham jinoyat hisoblanmaydi.

Zo‘ravonlikka uchragan ayollar yengib bo‘lmaydigan jismoniy kuch yoki ruhiy zo‘rlik ta’siri ostida qonun bilai qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatga xavf soluvchi qilmishi va uning oqibati uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Shu o‘rinda jismoniy va ruhiy zo‘rlik nima degan o‘rinli savol tug‘iladi!

Jismoniy zo‘rlik, deganda shaxsning boshqalarning jismoniy ta’sirida jamiyat uchun xavfli qilmishlarning amalga oshirishi tushuniladi va bunda jismoniy ta’sir uning ixtiyorini butunlay olib qo‘yadi (masalan, er xotinini urib tan jarohati yetkazsa yoki haqorat qilsa, natijada xotini o‘zini himoya qilish maqsadida eriga yengil, o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazsa). Bunday holat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 55-moddasining d) bandiga muvofiq, jabrlanuvchining zo‘rlik, og‘ir haqorat yoki boshqacha g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga kelgan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida jinoyat sodir etish deb topiladi va sud tomondan jazo tayinlashda jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida hisobga olinishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, ijtimoiy xavfli qilmish zaruriy mudofaa holatda sodir etilgan taqdirda shaxs javobgarlikka tortilmaydi. Masalan, er xotiniga nisbatan zo‘rlik ishlatib unga shikast yetkazmoqchi bo‘lganda yoki o‘ldirmoqchi bo‘lganda, o‘zini himoya qilish maqsadida xotin mudofaa vaqtida erini xayotdan mahrum qilishi, sog‘ligiga zarar yetkazishi, mulkini nobud qilishii mumkin. Mudofaa holatida zaruriy mudofaa chegarasidan chetga chiqilmasligi lozim. Aks holda, sodir etilgan jinoyatda barcha zaruriy shartlar mavjud bo‘lgan hollarda xayoliy mudofaa qoidalari bo‘yicha zaruriy mudofaa yoki ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilgan jinoyat sifatida yoxud umumiy shartlar asosida qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat sifatida kvalifikasiya qilinishi mumkin.

Ruhiy zo‘rlik, deyilganida shaxsni o‘ldirish moddiy yoki ma’naviy zarar yetkazish bilan qo‘rqitilishi natijasida sodir etgan harakat yoki harakatsizligi tufayli ijtimoiy xavfli oqibatning ro‘y berishi tushuniladi. Ruhiy ta’sir natijasida yetkazilgan zarar uchun aybdor oxirgi zarurat hollaridan tashqari barcha hollarda javobgarlikka tortiladi. Sud jazo tayinlayotganda bu holatlarni javobgarlikni yengillashtiruvchi holat sifatida e’tiborga olishi kerak. Qilmish ijtimoiy xavfli bo‘lishi yangi jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkaza oladigan darajada xavfli bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi! Oiladagi zo‘ravonlikning asosiy qurbonlari bo‘lgan ayollar va bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik nimalarda namoyon bo‘ladi? Ko‘pchilik zo‘ravonlar oiladagi hukmronliklarini kuchaytirish maqsadida qanday usullardan foydalanadi? Bu asosan tahdid ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Tahdidlar esa quyidagicha bo‘lishi mumkin: moddiy ta’minlamaslik, ya’ni pul bermaslik (moddiy ta’minlamaslik), uydan haydash, bolalarini olib qo‘yish yoki ularni ko‘rish imkoniyatidan mahrum qilish bilan qo‘rqitish, badaniga shikast yetkazish yoki o‘ldirish bilan qo‘rqitish va hokazo. Zo‘ravonlar tahdidlar bilan bir qatorda quyidagi harakatlar orqali ham o‘zlarining hukmronligini namoyish qilishga urinishlari mumkin: telefoninin olib qo‘yish, kiyimlarini yirtish yoki shaxsiy buyumlarini sindirish, uyga qamab qo‘yish, mushtini ko‘rsatish orqali qo‘rqitish va hokazo.

Zo‘ravon asosan quyidagi jinoyatlardan birini sodir etish orqali o‘zining kuchini namoyish etadi: qasddan badanga og‘ir (104-modda), o‘rtacha og‘ir (105-modda) yoki yengil (109-modda) shikast yetkazish, qiynash (110-modda), o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish (112-modda), jinoiy ravishda homila tushirish (abort) (114-modda), ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash (115-modda) xavf ostida qoldirish (117-modda), nomusga tegish (118-modda), jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda), ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish (121-modda), voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni, ota-onani moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash (122-123-moddalar), nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish (1251-modda), tilanchilik qilish (1271-modda), odam savdosi (135-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda) va hokazo. Mazkur qilmishlarni sodir etgan shaxs Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan javobgarlikka tortiladi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, zo‘ravonlikni bir ko‘rinishi sifatida ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish qo‘p uchrab turmoqda.

Xususan, 2015 yilda 26 nafar shaxsga nisbatan 24 ta, 2016 yilda 35 nafar shaxsga nisbatan 32 ta, 2017 yilda 8 nafar shaxsga nisbatan 6 ta, 2018 yilda 12 nafar shaxsga nisbatan 10 ta, 2019 yilda 6 nfar shaxsga nisbatan 3 ta, 2020 yilda 13 nafar shaxsga nisbatan 11 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

Ammo zo‘ravonlik bilan bir qatorda tazyiqqa uchrayotgan xotin- qizlar ham yo‘q emas.

Tazyiq — sodir etilganligi uchun ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik nazarda tutilmagan, xotin-qizlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan harakat (harakatsizlik), shilqimlik.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi 2019 yil 2 sentyabrdagi Qonunida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining huquqlari belgilangan.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi quyidagi huquqlarga ega:

  • o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilganligi yoki ularni sodir etish tahdidi to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga hamda tashkilotlarga yoxud sudga murojaat etish;
  • maxsus markazlarda, shuningdek bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy maslahat, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish;
  • ichki ishlar organlariga himoya orderi berish to‘g‘risidagi talab bilan murojaat qilish, himoya orderi shartlari buzilgan taqdirda esa, ularni bu haqda xabardor qilish;
  • sodir etilgan tazyiq va zo‘ravonlik natijasida o‘ziga yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanishi hamda ma’naviy ziyon kompensasiya qilinishi to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etish.
  • Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensasiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanlararo sudi sudyasi

Mustafayev Sarvar Murtazayevich

Kiritildi: 15:27 24.11.2021. O'qildi: 6451 marta. Fikrlar soni: 8 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!