Bugun 5 oktyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

OFK Millatlar ligasini yo‘lga qo‘ymoqchi — turnir JCh va Osiyo kubogi saralashiga bog‘lanadi

OFK Millatlar ligasini yo‘lga qo‘ymoqchi — turnir JCh va Osiyo kubogi saralashiga bog‘lanadi

Osiyo futbol konfederasiyasi milliy terma jamoalar uchun yangi OFK Millatlar ligasi musobaqasini joriy etish ustida ishlamoqda. Loyihaga ko‘ra, yangi turnir kelajakda Jahon chempionati va Osiyo kubogi saralash tizimi bilan bevosita bog‘lanishi mumkin.

OFK Millatlar ligasini tashkil etish rejasini 2025 yil dekabrida rasman e’lon qilgan edi. Konfederasiyaning maqsadi terma jamoalar uchun xalqaro «FIFA kunlari»da kuch jihatidan tengroq raqiblarga qarshi muntazam va raqobatbardosh uchrashuvlar tashkil etishdan iborat.

Hozir muhokama qilinayotgan formatga ko‘ra, OFK tarkibidagi 47 ta terma jamoa uch divizionga ajratiladi:

— A divizioni — 18 jamoa
— B divizioni — 18 jamoa
— C divizioni — 11 jamoa

Biroq dastlabki taqsimot to‘g‘ridan-to‘g‘ri FIFA reytingi asosida amalga oshirilishi hozircha tasdiqlanmagan. ESPN ma’lumotlariga ko‘ra, 2028/29 mavsumida sinov turniri o‘tkazilib, keyingi divizionlar tarkibi shu bosqich natijalari asosida shakllantirilishi rejalashtirilayotgani aytilmoqda. Asosiy Millatlar ligasini esa 2030 yildan boshlash taklif qilingan.

Jahon chempionati bilan bog‘langan birinchi sikl 2032/33 mavsumida o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Loyihaga ko‘ra, A divizionidagi 18 ta jamoa 12 tadan — 6 ta uyda va 6 ta safarda — o‘yin o‘tkazadi. Yakuniy jadvalda dastlabki 6 o‘rinni egallagan termalar Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.

7–10-o‘rinlarni egallagan to‘rt terma esa qo‘shimcha pley-off bosqichida kurashadi. U yerdagi eng yaxshi ikki jamoa Jahon chempionatiga chiqishi, uchinchi jamoa esa qit’alararo pley-offga yo‘l olishi rejalashtirilgan.

Osiyo kubogiga saralashda ham Millatlar ligasi muhim o‘rin tutadi. Taklifga ko‘ra, Osiyo kubogi siklida A divizionidagi barcha 18 jamoa va B divizionidagi eng yaxshi 6 terma qit’a chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shu bilan birga, Osiyo kubogini 2032 yildan boshlab juft yillarda o‘tkazish rejasi ham muhokama qilinmoqda.

Yangi tizimda divizionlar o‘rtasida ko‘tarilish va tushish mexanizmi ham bo‘ladi. So‘nggi loyiha tafsilotlarida har bir divizionning eng yaxshi va eng past natija qayd etgan jamoalari o‘rtasida avtomatik promoushen va relegasiya, shuningdek ayrim o‘rinlar uchun o‘tish pley-offlari o‘tkazilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, A divizionida eng yuqori o‘rinlarni egallagan jamoalar alohida pley-off bosqichiga chiqib, Millatlar ligasi g‘olibligi uchun ham kurashishi mumkin.

Hozircha bu format yakuniy tasdiqlangan reglament emas. Loyiha OFK qo‘mitalari va a’zo assosiasiyalar muhokamasidan o‘tishi kerak, shu sabab divizionlar tarkibi, saralash tartibi va promoushen-relegasiya mexanizmi hali o‘zgarishi mumkin.

Kiritildi: 23:42 04.10.2026. O'qildi: 192 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!