2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan 25 yil o‘tib, Nyu-York hukumati Jahon savdo markazi binolari qulaganidan keyin havoning ifloslanishiga oid o‘n minglab maxfiy hujjatlarni e’lon qilishga qaror qildi.
Nyu-York meri Zohran Mamdani o‘sha paytdagi shahar ma’muriyati havodagi asbest va boshqa zaharli moddalar bilan ifloslanish ko‘lamini yashirgan bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aholiga shaharda qolish va havodan nafas olish xavfsiz ekani aytilgan, garchi hukumat mutasaddilari havo ifloslanganini bilgan bo‘lsa ham. Merning fikricha, shahar ma’muriyati shu yo‘l bilan fojia oqibatlari uchun o‘z javobgarligini cheklashga uringan bo‘lishi mumkin.
Kelasi 12 oy davomida taxminan 173 ming sahifadan iborat hujjatlarni e’lon qilish rejalashtirilgan. Ularning oshkor etilishini Health Watch nodavlat tashkiloti sud orqali talab qilgan.
AQSh sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon savdo markazi binolari qulaganidan keyin havoga tarqalgan chang va tutun bilan bog‘liq saraton hamda boshqa kasalliklar oqibatida 9400 dan ortiq kishi vafot etgan. Bu 11 sentyabr teraktlari vaqtida bevosita halok bo‘lgan 2977 kishidan uch baravardan ko‘proqdir.
Hozircha hujjatlarda kimlar aniq aybdor ekani aytilmagan. Biroq materiallarning oshkor qilinishi teraktlar vaqtida Nyu-York meri bo‘lgan Rudy Giuliani, shuningdek, uning vorisi Michael Bloomberg uchun qator muammolar keltirib chiqarishi mumkin.